Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida fuqarolardan daromadlarni yashirish maqsadida terminal orqali to‘lov qabul qilishdan bosh tortish va to‘lovlarni P2P (shaxsdan-shaxsga) o‘tkazmalari orqali qabul qilish holatlari yuzasidan 22 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Qo‘mita raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning 27-mart kuni Markaziy bank tomonidan tashkil etilgan media-muloqotda aytishicha, huquqbuzarlik holatlarining ortib borayotgani jazo turlarini ta’sirchanlik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Media-muloqotda davlat tomonidan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini qisqartirish va naqd pulsiz aylanmani tashkil qilish yo‘lidagi ko‘p yillik sa’y-harakatlarga qaramay, turli vajlar bilan terminal orqali to‘lov qabul qilishdan bosh tortish holatlari saqlanib qolayotgani ta’kidlandi. Xususan, poytaxtning “Otchopar”, “Abu-Sahiy”, “O‘rikzor” kabi yirik bozorlarida sotuvchilar terminal yo‘qligi yoki ishlamayotgani haqidagi yolg‘on bahonalar bilan to‘lovlarni P2P o‘tkazmalar orqali qabul qilmoqda.

Jahongir Abdiyevning ma’lum qilishicha, fevral oyida kelib tushgan 21,964 ta murojaatning aksariyati to‘lovlarni terminal orqali qabul qilishdan bosh tortish holatlariga taalluqli. Ular orasida xarid cheki bermaslik, plastik karta orqali to‘lovni qabul qilmaslik va plastik karta uchun xarid summasini oshirish holatlari eng ko‘p uchraydi. Qo‘mita tekshiruvlari natijasida ushbu murojaatlarning 99,2 foizida huquqbuzarlik holati tasdiqlangan, 6,700 ta holatda esa huquqbuzarlik takroran sodir etilgani aniqlangan.

Abdiyevning ta’kidlashicha, murojaatlarning 15-20 foizi to‘lovni P2P orqali qabul qilish holatlari bilan bog‘liq. Qonunbuzarlik aniqlanganida, bunday tadbirkorlarga jarima qo‘llaniladi, jarima miqdori 5 million so‘mni tashkil etadi, bir oy muddat ichida to‘langan taqdirda 2,5 million so‘mga kamayadi. U shuningdek, jarima qo‘llanilgandan keyin ham javobgarlik hissi paydo bo‘lmasa, jarima miqdorini oshirish yoki jazoni kuchaytirishni ko‘rib chiqish kerakligini aytdi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov qo‘shimcha qilib, P2P operatsiyalariga cheklov qo‘yish yaxshi yechim emasligini, bu aholi orasida naqd pul muomalasining ortishiga olib kelishini ta’kidladi. Uning fikricha, asosiy tranzaksiyalarni naqd pulda amalga oshirishga o‘tib ketishdan ko‘ra, pullarning bankda turishi jamiyat va iqtisodiyot uchun afzal. Haydarov hozirda vazirlik pullarning “bankdan qochib ketmasligi”ni ta’minlagan holda jarayonni tartibga solish ustida ishlayotganini qo‘shimcha qildi.

Source: www.gazeta.uz