30-mart — Xalqaro chiqindilarsiz kuni munosabati bilan O‘zbekiston bo‘ylab keng qamrovli eko-aksiya o‘tkazildi. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, aksiya davomida respublika bo‘yicha 20 ga yaqin hudud 97,9 tonna chiqindidan tozalandi. Bu tadbir Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Qizil tog‘ hududida ommaviy plogging eko-aksiyasi bilan boshlangan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarda ham parallel ravishda amalga oshirildi.
Aksiyaning asosiy markazi bo‘lgan Qizil tog‘ hududida jami 1 tonna 754 kg chiqindi yig‘ilib, tozalandi. Tadbir davomida eng ko‘p chiqindi to‘plagan jamoalar maxsus mukofotlar bilan taqdirlandi, shuningdek, faol ishtirok etgan barcha jamoalarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi. Bu eko-tashabbuslar atrof-muhitni muhofaza qilish va jamoat ongini oshirishga qaratilgan.
Umumiy hisobda, respublika bo‘yicha 2 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashib, 97 tonna 900 kg chiqindi tozalandi va 40 ta maxsus texnika yordamida chiqindilar tegishli tartibda bartaraf etildi. Aksiya nafaqat chiqindilarni kamaytirish, balki aholi orasida ekologik mas’uliyatni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini namoyish etdi.
Source: www.gazeta.uz