Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Kiprda bo‘lib o‘tayotgan Nomzodlar turnirining 4-turida jahon reytingida uchinchi o‘rindagi amerikalik Fabiano Karuanani mag‘lub etdi. Oq donalar bilan o‘ynagan Sindarov, qabul qilingan farzin gambitida chuqur tayyorgarlikni namoyish etib, 20-yurishga yetmasdan hal qiluvchi ustunlikka erishdi va raqibini seytnot holatida qoldirdi. Yakunda Karuana soatida atigi 48 soniya qolgan holda taslim bo‘ldi.

Sindarov g‘alabani izohlab, muvaffaqiyatning asosiy omili sifatida tur oldidan jamoasi bilan olib borilgan tayyorgarlikni ta’kidladi. U: “Bugun juda yaxshi partiya o‘ynadim, deb o‘ylayman. Omadim keldi. Tur oldidan aynan shu variantni takrorlayotgandim va haqiqatan ham omadim keldi”, dedi. 20 yoshli shaxmatchi, sekundantlari bilan birga Karuananing barcha ehtimoliy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqqanini aytib, raqibning aniq liniyani tanlashini bashorat qilganini qo‘shdi.

Mag‘lubiyatdan so‘ng Fabiano Karuana qisqa fikr bildirib, raqib tayyorgarligining ustunligini tan oldi: “Aslida men debyutdayoq tutildim. Menimcha, rux g8`ga yurishi katta xato bo‘ldi”. Sindarov esa bu bahoni tasdiqlab, Rg8 yurishini jiddiy xato deb atadi, chunki uning tahlillariga ko‘ra, qoralar d4`dagi piyodani olishi kerak edi. U, c6 yurishi va otning d4`ga sakrashi bilan bog‘liq o‘tkir kombinatsiyani “uy tayyorgarligi” deb ta’rifladi.

Sindarov, avvalroq “ishonchli” o‘ynashni aytganiga qaramay, vaziyatga qarab harakat qilganini aytdi: “G‘oyam ishonchli o‘ynash edi. Lekin u variantlarni unutgan bo‘lishi mumkinligini tushungach, unga bosim qilishga qaror qildim. Albatta, u aniq o‘ynaganda, ehtimol partiya durang bilan tugardi”. U, kelgusi partiyalar qiyinligi haqida uncha o‘ylamasligini, shunchaki shaxmat o‘ynashini va partiya paytida zal bo‘ylab ko‘p yurayotganini qayd etdi.

O‘zbekiston shaxmatchilarining jahon arenasida keskin yuksalishi sabablari haqida gapirar ekan, Sindarov bu jarayonda davlatning tizimli qo‘llab-quvvatlovi va mamlakatdagi ichki turnirlar taqvimining zichligi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. U: “Avvalo, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ko‘plab yirik turnirlar tashkil etildi — rapid va blits bo‘yicha jahon chempionati, Grand Swiss, ko‘plab kuchli openlar. Hukumatimiz va prezidentimiz shaxmatni juda yaxshi qo‘llab-quvvatlayapti. Oxirgi ikki-uch yilda eng yaxshi murabbiylar bilan ishlash uchun ajoyib sharoitlar yaratildi. Menimcha, bu bizga yordam beryapti. Hozir bizda Olimpiada uchun juda kuchli jamoa bor”, dedi.

To‘rt turdan so‘ng Sindarov 3,5 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. U, Nomzodlar turnirining dastlabki to‘rt turida 3,5 ochko jamg‘argan ilk ishtirokchiga aylandi va ushbu partiyadan so‘ng jahon reytingida 6-o‘ringa ko‘tarildi. 2-aprel kuni musobaqada dam olish kuni deb e’lon qilingan, 5-turda esa u qora donalar bilan Xikaru Nakamuraga qarshi bahs olib boradi. 2026-yilgi Nomzodlar turniri 29-martdan 15-aprelgacha Kiprda bo‘lib o‘tmoqda, unda sakkiz nafar grossmeyster 500 ming yevro mukofot jamg‘armasi va jahon chempioni Dommaradju Gukeshga qarshi toj uchun bahs olib borish huquqi uchun kurashmoqda.

Source: www.gazeta.uz