Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona viloyatida giyohvandlik vositalarini Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tgan 5 nafar shaxs sud hukmi bilan 12 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi. Sudlanuvchilarning uchtasi DXX tomonidan 2025-yil sentabr oyida qo‘lga olingan edi.

O‘shanda, Muqaddam narkokur’erlar tomonidan Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Surxondaryo viloyati hududiga olib o‘tilgan va Yozyovon tumaniga keltirilib, dala maydonidagi xufiya joyga yashirib ko‘yilgan 9 kg 896 gr gashish moddasini qabul qilib olgan vaqtida Marg‘ilon shahrida yashovchi 42 yoshli xususiy tadbirkor va uning 36 yoshli sherigi ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi. Voqea joyidan qochishga uringan tadbirkorning yonida 14 ming 500 dollar va 6 mln 250 ming so‘m pul topilgan.

Tergov davomida Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 45 yoshli fuqaroning uyidan 110 gr opiy moddasi, 2 ta elektron tarozi, 1200 dollar va 28 mln so‘m musodara qilingan. Ta’kidlanishicha, ushbu moddalar Farg‘ona vodiysidagi iste’molchilarga sotilishi rejalashtirilgan edi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov davomida 35 va 30 yoshli aka-ukalarning ham ushbu noqonuniy ishga aloqadorligi ma’lum bo‘ldi. Bag‘dod tuman sudining hukmiga muvofiq, 5 nafar sudlanuvchi Jinoyat Kodeksining 246, 273 va 276-moddalari bilan aybdor deb topilib, ularga 12 yildan 15 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Source: www.gazeta.uz