Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

11-mart kuni Andijon viloyati Marhamat tuman sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida qatnashgan 26 yoshli D.M. ismli fuqaroga sud hukmi o‘qildi. Gazeta sud hujjati bilan tanishib, jinoyat ishlari materiallariga ko‘ra, D.M. 2022-yil 5-oktabrda ma’lum haq evaziga Rossiya qurolli kuchlari bilan 3 oylik shartnoma tuzib, harbiy xizmatga kirgan.

Sudlanuvchi sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yilda Rossiyaga ishlash maqsadida kelib, 2022-yil sentabr oyiga qadar otasi bilan birga turli ishlarda ishlagan. 2022-yil 5-oktabrda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun shartnoma imzolab, 3 oylik muddatga Luganskka kelgan.

D.M. sudda o‘z holatini tushuntirib, Moskvada yurgan vaqtida otasi bilan birga rus shaxs bilan tortishib qolganliklari sababli politsiya tomonidan ushlab turish xonasiga qamab qo‘yilganini aytdi. Ular harbiy harakatlarda qatnashish uchun shartnoma imzolasalar, ozod bo‘lishlarini aytishgan. Ilojsizlikdan rozi bo‘lib, 3 oylik shartnoma imzolagan.

Sudlanuvchi Lugansk shahrida harbiy o‘quv dala maydonlarida jangovar tayyorgarlik, qurol-yarog‘dan foydalanish va birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlardan o‘tgan. Keyin harbiy harakatlar davomida Rossiya Federatsiyasi askarlari orasida oshpazlik qilib, oshxonada ishlagan. 3 oy davomida harbiy harakatlarda yurib, muddati tamomlanganligi sababli, Moskvaga qaytib kelib, ishini davom ettirgan.

D.M. 2025-yil 22-aprel kuni Moskvadan Qozog‘istonga hujjat ishlari uchun kelganida ushlangan. U sudda urushga borishga majbur bo‘lgani, qurolidan foydalanmagani va faqat oshpazlik qilganini ko‘rsatib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.

Sud D.M.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topdi. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanib, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. D.M. sudda “Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlarda qatnashish jinoyat ekanligini bilmaganman” deb aytgan.

Source: www.gazeta.uz