Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning ishini qayta tiklashga tayyorgarlik ko‘rish boshlandi. Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Mishenko Toshkentga tashrifi yakunlari bo‘yicha ma’lum qilganidek, tomonlar kun tartibini shakllantirishga kirishib ulgurgan va yil davomida yig‘ilishni o‘tkazish darajasiga chiqishni rejalashtirmoqda.

Mishenko: “O‘n yildan ortiq vaqt davomida yig‘ilmayotgan hukumatlararo komissiya faoliyatini qayta tiklash uchun sharoit yaratish ustida ishlayapmiz. Taxminimizcha, zamin tayyorlash uchun 7-8 oy yetarli bo‘ladi. Agar muhokama qilish mumkin bo‘lgan kun tartibi bo‘yicha kelishuvga erishsak, iqtisodiyot vazirlari darajasida yig‘ilish o‘tkazamiz”. U shuningdek, “O‘ylaymanki, taxminan 3-4 oydan keyin biz siz bilan aniqroq mavzular ustida gaplasha olamiz”, deb qo‘shimcha qildi.

Ukraina delegatsiyasi Toshkentda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida ham uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda farmatsevtika, agrosanoat majmuasi, mashinasozlik va avtomobilsozlik kabi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Mishenko ta’kidlashicha, Ukraina tomoni allaqachon ishbilarmon doiralar ishtirokida ishni boshlagan: “Men Ukraina ish beruvchilari federatsiyasi olib kelgan biznes-delegatsiya bilan (deyarli bir vaqtda) keldim, ular tashrifimdan oldin bu yerda bir nechta uchrashuvlar o‘tkazishdi”.

Tomonlar kengroq iqtisodiy kun tartibini, jumladan, O‘zbekiston kompaniyalarining urushdan keyin Ukrainani qayta tiklash jarayonidagi ishtirokini ko‘rib chiqmoqda. Mishenko Ukrainaning hozirgi vaziyatini tushuntirib: “Kovid va keng masshtabli urush, albatta, (iqtisodiy faollikka) o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Ukraina urushning dastlabki yillarida barcha resurslarini to‘plab, juda og‘ir sharoitda shunchaki jon saqlab qoldi... Hozir frontdagi vaziyat butunlay boshqacha, chunki endi bizga aynan nima kerak bo‘lsa, o‘shani berishmoqda”.

Ukraina delegatsiyasi O‘zbekiston vakillarini iyun oyida Polshaning Gdansk shahrida bo‘lib o‘tadigan Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi. Mishenko: “U yerda O‘zbekistonning qurilish, qayta ishlash, konsalting va boshqa sohalardagi kompaniyalari manfaatlari ifodalanishi mumkin… chunki Ukrainada adolatli tinchlik o‘rnatilganidan keyin katta qurilish bumi boshlanadi, barcha sohalar qayta tiklanadi. Sizlarda esa ko‘plab sohalarda, jumladan, qurilishda boy tajriba to‘plangan”.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Ukraina hukumatlararo komissiyasining so‘nggi yig‘ilishi 2007-yilda bo‘lib o‘tgan edi. 2021-yil may oyida Toshkentda ikki davlat TIVlarining 10 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor siyosiy maslahatlashuvlari o‘tkazilgach, tomonlar hukumatlararo komissiyaning yangi yig‘ilishini rejalashtira boshlagan edi, biroq Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanishi bilan aloqalar faolligi pasaygan.

Source: www.gazeta.uz