Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Taniqli xonanda Jahongir Otajonov 2-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida, 1-sentabrdan amal qilishi kutilayotgan yangi soliq tartibi haqida fikr bildirdi. U har bir chiqqan to‘yidan daromad solig‘ini to‘lashga tayyor ekanini, ammo shundan keyin “O‘zbekkonsert” tashkilotining san’atkorlarni tinch qo‘yishi kerakligini ta’kidladi. Otajonov: “O‘zbekiston farzandi o‘laroq daromad solig‘ini o‘z davlatiga, ya’ni uyiga to‘lashimdan qiynalmasman. Lekin keyin meni hech kim bezovta qilmasin, soliq to‘lovchi sifatida mustaqil inson bo‘lay. Falon konsertga yoki falonchining to‘yiga borib bering, deyishmasin.”

Xonanda yangi soliq tizimi ishga tushgach, “O‘zbekkonsert” tashkiloti va litsenziya tizimining tugatilishi kerakligini aytdi. U: “Bu holat bo‘yicha menda savollar bor. Xo‘p, bizga soliq belgilanyapti. “O‘zbekkonsert” nima bo‘ladi? San’atkorlar mustaqil ijodkor sifatida bu tashkilot bilan aloqa qilmasligining iloji bormi? “O‘zbekkonsert”dan qutulishimiz mumkinmi? Bir musiqachi sifatida “O‘zbekkonsert”ning menga keragini his qilmayman, hech qanday. Faqat ba’zan xizmatlarga taklif etishadi. Lekin u bizga xalaqit qilishi mumkin, o‘sha paytda borolmasak, qanaqadir muammo kelib chiqishi mumkin.”

Otajonov san’atkorlarning daromadi va xarajatlarini tahlil qilish muhimligini ta’kidladi. U: “Masalan, Jahongir Otajonov bitta to‘yga 200 mln so‘mga borar ekan. Shu mablag‘ning shuncha qismini sozandalarga berarkan, shunchasini musiqiy anjomlarni yangalish va kliplar olishga sarflarkan, qolgan pulidan esa soliq to‘lasa bo‘ladi, deyishsa boshqa gap. San’atkorlar tekinga to‘yga borish va litsenziyaga pul to‘lashdan tashqari, soliqqa ham tortilishida mantiq qani?”

Xonanda ayrim amaldorlarning yaqinlarini to‘y-marosimlarida bepulga qo‘shiq aytishga jalb qilinishiga e’tiroz bildirdi. U: “Jahon yulduzlari orasida soliq to‘lamagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilganlar haqida ko‘p eshitamiz. Biz ham shunaqa bo‘laylik: dunyo yulduzlariga o‘xshab millionlab dollar pul topaylik. Lekin ularni birov bezovta qilmaydi-da. Tushunyapsizmi? Meni ham „O‘zbekkonsert“ telefon qilib, bezovta qilmasin. Tepadagi falonchi aytdi, deyishmasin. U tepadagi kim menga? Qo‘shig‘imning biror notasini yozib berganmi?”

Otajonov davlat xizmatchilarining san’atkorlarni tekinga xizmat qilishga da’vat qilishini tanqid qildi. U: “Menga bir kuni davlat xizmatchisi aytayaptiki, Navro‘z bayramida xalqqa xizmat qilishingiz kerak. Xo‘p, sen xalqqa tekin xizmat qilyapsanmi? O‘zingga savol ber. Sen meni xalq uchun tekin xizmat qilishga da’vat qilganing uchun oylik olyapsanmi? Sen ham bepulga ishla, men ham tekinga xizmat qilay. Gap yo‘q. Aslida hammamiz xalqqa xizmat qilyapmiz.”

O‘tgan yil aprel oyida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan boshlab san’atkorlarning daromadlarini deklaratsiyalash va soliqqa tortish tartibini kuchaytirish haqida ma’lum qilgandi. Ungacha ularga sanksiyalarsiz deklaratsiyalarni to‘g‘ri topshirish imkoniyati beriladi.

Source: www.gazeta.uz