O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov 5-aprel kuni Kiprda bo‘lib o‘tgan Nomzodlar turnirining yettinchi turida niderlandiyalik grossmeyster Anish Giri bilan durang o‘ynadi. Sindarov oq donalarda o‘ynab, partiya davomida kichik ustunlikka erishdi, biroq Giri yaxshi himoyalanib, pozitsiyani tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi, natijada uchrashuv durang bilan yakunlandi.
Yetti tur yakunlariga ko‘ra, Sindarov imkoniyatdagi 7 ochkodan 6 ochko jamg‘arib (5 g‘alaba va 2 durang), turnirning birinchi davrasini yakka peshqadam sifatida tugatdi. Bu natija Nomzodlar turnirlarining zamonaviy tarixidagi eng yaxshi start hisoblanadi, chunki u dastlabki 6 partiyaning o‘zidayoq 5 ta g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, avvalgi turnir g‘oliblari odatda butun turnir davomida 3-5 ta g‘alaba qozongan (masalan, Magnus Karlsen 5 ta, Vishvanatan Anand 3 ta). Sindarovning bu tezkor yutuqlari uning raqobatbardoshligini namoyish etmoqda. Hozirda uning eng yaqin ta’qibchisi Fabiano Karuana (4,5 ochko) bo‘lib, keyin Anish Giri va Pragnanandha Rameshbabu (3,5 ochkodan) kelmoqda.
Yettinchi turda yagona g‘alabani xitoylik grossmeyster Vey I qo‘lga kiritib, Andrey Yesipenkoni mag‘lub etdi, qolgan barcha partiyalar durang bilan yakunlandi. Bu tur birinchi davraning yakunlovchi bosqichi bo‘ldi; endi ishtirokchilar ikkinchi davrani boshlaydi, unda donalar rangi o‘zgargan holda xuddi shu raqiblar bilan o‘ynaydi.
Sakkizinchi tur 7-aprel kuni bo‘lib o‘tadi, unda Sindarov qora donalarda Andrey Yesipenkoga qarshi bahs yuritadi. 2026-yilgi Nomzodlar turniri 29-martdan 15-aprelgacha Kiprda davom etmoqda, unda sakkiz nafar grossmeyster, jumladan Xikaru Nakamura va Sindarov, 700 ming yevro sovrin jamg‘armasi va shaxmat to‘ji uchun kurashda amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi chiqish huquqi uchun bellashmoqda.
Source: www.gazeta.uz