“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, xususiy firmalar va ayrim shaxslar orqali Umra safariga borgan 170 dan ortiq o‘zbekistonlik vatandaşlar Saudiya Arabistonida qolib ketgan. Ular vatanga qaytolishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda, bu holat O‘zbekiston bosh konsulxonasi tomonidan tekshirilmoqda.
O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi diplomatlari Makka shahridagi Kanari va Al-Ayam Elite mehmonxonalariga borib, ziyoratchilarning muammolarini o‘rganishdi. Ziyoratchilar 14 kunlik Umra safari doirasida turli guruhlar tarkibida kelgan, biroq safarni tashkil etgan shaxslarning yolg‘on ma’lumotlari va xatolari tufayli hozirgacha qaytolmagan. Ularning aytishicha, guruhning katta qismi keksa yoshdagi insonlardan iborat bo‘lib, infarkt, qandli diabet, qon bosimi kabi surunkali kasalliklarga chalingan va doimiy ravishda dori-darmon iste’mol qiladigan shaxslar bor.
Vakolatxona vakillari so‘nggi yillarda umra ziyoratini tashkil etish uchun tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan “turistik firmalar” va “jismoniy shaxslar” ko‘plab vatandoshlarni Madina va Jidda shaharlarida mushkul vaziyatlarga solayotganini qayd etdi. O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan berilgan litsenziya asosida faqat 14 ta turistik firma umra ziyoratini rasmiy ravishda tashkil etayotgani eslatib o‘tildi.
Ziyoratchilarga ular ruxsatnomasiz tashkil etilgan safar doirasida kelgan bo‘lsa-da, vatanga qaytish bo‘yicha murojaatlari Bosh konsulxona tomonidan tegishli idoralarga yetkazilishi ma’lum qilindi. Biroq, bu jarayon ma’lum vaqt talab qilishi inobatga olinib, vaziyat yanada og‘irlashib ketmasligi uchun ularga o‘z hisoblaridan aviachipta xarid qilib, O‘zbekistonga qaytish tavsiya etildi. Shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlar yuzasidan O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng tegishli idoralarga murojaat qilish mumkinligi tushuntirildi.
Hozirgi kunda bu holat Bosh konsulxona tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, vaziyat yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi bir yilda Umra ziyoratini noqonuniy tashkil etish bilan bog‘liq 178 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, litsenziyasiz ishlagan 47 ta va reklama qoidalarini buzgan 15 ta turistik tashkilot jarimaga tortilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Haj” va “Umra” ziyoratiga yuborishda jinoiy to‘dalar faoliyatining ko‘payganini ta’kidladi. U “Jalolquduq Aviatrans” korxonasi Umra ziyorati bo‘yicha 534 nafar fuqaroni aldab, 18 milliard so‘mlik zarar yetkazganini misol qilib keltirdi va bu muammolarga barham berishni talab qildi.
Source: www.gazeta.uz