Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni mamlakat mudofaasini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda, ayniqsa, harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlar uchun bir qator imtiyozlar va qulayliklar joriy etilishi ko‘rib chiqildi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab, harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish va xizmat davrida masofaviy ta’lim olish imkoniyati beriladi. Buning uchun harbiy qismlarda tayyorgarlik kurslari tashkil etiladi. Shuningdek, harbiy xizmatni o‘tagan yoshlar uchun davlat bandlikni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan kasbiy ta’lim xarajatlari qoplanadi.
Harbiy xizmatni shartnoma asosida o‘tayotgan askarlar foizsiz kreditlar olish huquqiga ega bo‘ladilar. Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinganlar harbiy kafedralar talabalari bilan tenglashtiriladi va ta’limni tugatgach, “zaxira leytenanti” unvonini olishadi. Harbiy xizmatda o‘zini namoyon qilgan, shuningdek, sport musobaqalari va olimpiadalarda birinchi o‘rinlarni egallagan askarlar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarisiz qabul qilinishi mumkin.
Harbiy xizmatchilar uchun “bir askar – bir kasb” tamoyili asosida 3-6 oylik kurslar tashkil etiladi, ular davlat namunasidagi sertifikat bilan taqdirlanadi. Harbiy xizmatdan qaytgan yoshlar davlat xizmatiga kirishda qo‘shimcha ballar shaklida 10 foiz imtiyozga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, barcha toifadagi harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Ruhiyat qalqoni” respublika o‘quvchilar tanlovi boshlanadi, to‘rt bosqichdan iborat bo‘lgan tanlovning g‘oliblari elektr avtomobillari bilan taqdirlanadi. Prezident takliflarni ma’qulladi va tegishli qarorlarni imzoladi.
Source: kun.uz