7-aprel kuni O‘zbekistonning taniqli davlat va jamoat arbobi, uzoq yillar prezidentning davlat maslahatchisi bo‘lgan Vyacheslav Arkadevich Golishev 75 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va boshqa yuqori martabali rasmiylar marhumning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirishdi.
Vyacheslav Golishev 1951-yil 4-mayda Rossiyaning Omsk shahrida tug‘ilgan. 1972-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, 1980-yilda Moskva davlat universiteti aspiranturasini bitirib, iqtisodiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.
U mehnat faoliyatini poligrafiya sohasida iqtisodchi sifatida boshlagan, keyinchalik Toshkent xalq xo‘jaligi institutida, O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi Iqtisodiyot va normativlar ilmiy-tadqiqot institutida, shuningdek, respublika partiya va davlat organlarida turli lavozimlarda ishlagan.
1992–1995-yillarda Golishev O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Jahon muammolari instituti direktori o‘rinbosari, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2005–2006-yillarda esa bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri, Iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kompleksi rahbari sifatida ishlagan.
U uzoq yillar davomida prezidentning davlat maslahatchisi lavozimini egallab, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga oid davlat dasturlari va konseptual hujjatlarni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan. Bir necha bor Oliy Majlis deputati etib saylangan va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni hamda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Source: www.gazeta.uz