Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston, Toshkent – AN Podrobno.uz. Rossiya va O‘zbekiston o‘zaro savdo-sotiqni yangi bosqichga ko‘tarish niyatida: 2030-yilga kelib mamlakatlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirib, uni 30 milliard dollargacha yetkazishni rejalashtirmoqda.

Buni Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin ikki davlat hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiya majlisida bayon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya allaqachon O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari qatoriga kiradi. 2025-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi deyarli 12,5% ga o‘sib, bir trillion rubelga yaqinlashdi. Davlat rahbarlarining kelishuvlari keyingi o‘sishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Oripov so‘nggi besh yil ichida o‘zaro savdo hajmi ikki baravar o‘sib, 13 milliard dollardan oshganini ta’kidladi. Bundan tashqari, ijobiy dinamika saqlanib turmoqda: faqat joriy yilning dastlabki ikki oyida savdo yana 30% ga o‘sdi.

Maksadga erishish uchun mamlakatlar yetkazib berish tuzilmasini kengaytirmoqda, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarga va sanoat hamkorligini chuqurlashtirishga e’tibor qaratmoqda.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri energetika bo‘lib qolmoqda. Xususan, Rossiya O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish loyihasini amalga oshirishni boshlagan. Rossiya tomonining baholashiga ko‘ra, bu loyiha uzoq muddatli energetik barqarorlikni ta’minlaydi va iqtisodiy o‘sishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi.

Shu bilan birga, neft-gaz sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda: Rossiya nefti va gazini yetkazib berish davom etmoqda, yangi quduqlar qazilmoqda, qayta ishlash va gaz tashish infratuzilmasi modernizatsiya qilinmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 4 trillion rubeldan ortiq summada 150 ga yaqin qo‘shma investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda, shuningdek, Rossiya biznesi ishtirokidagi ikkita sanoat parki faoliyat yuritmoqda.

Source: podrobno.uz