2025-yilda O‘zbekistonda odam savdosi bilan bog‘liq 177 ta holat kuzatilgan bo‘lib, ulardan 92 tasi shahvoniy ekspluatatsiyani tashkil etgan. Bu haqda 11-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi (IIV) Tezkor qidiruv departamenti bosh mutaxassisi Odilbek O‘rinov ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, odam savdosi asosan uchta turda: shahvoniy ekspluatatsiya, mehnat ekspluatatsiyasi va chaqaloq savdosi.
O‘rinovning so‘zlariga ko‘ra, aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari va fuqarolarning huquqlarini bilish darajasining oshishi tufayli chaqaloq savdosi va majburiy mehnat bilan bog‘liq masalalar ancha tartibga solingan. Biroq, shahvoniy ekspluatatsiyaga oid jinoyatlar odam savdosining asosiy qismini tashkil etmoqda. 2025-yildagi 177 ta holatdan 92 tasi aynan shu turga tegishli bo‘lib, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 72 nafar xotin-qizlar aeroportlarda to‘xtatib qolingan, bu orqali ayollarning jinsiy ekspluatatsiya qurboni bo‘lishining oldi olingan.
IIV mutaxassisiga ko‘ra, shahvoniy ekspluatatsiya holatlarining sabablari tahlil qilingan. Tarmoq foydalanuvchilari yoki blogerlar tomonidan yarim-yalang‘och kontent tayyorlanishi, ommaviy madaniyat va oson pul topishning targ‘ib etilishi kabi omillar yosh qizlarning puch g‘oyalarga ishonib, aldanib qolishiga va chet ellarga ketishiga sabab bo‘lyapti. 2026-yilning yanvar-mart oylarida esa odam savdosi bilan bog‘liq 57 ta holat aniqlandi.
Eslatib o‘tish kerakki, o‘tgan yili O‘zbekistonda odam savdosi uchun jazo choralari kuchaytirilgan edi. Xususan, odam savdosi jinoyatini qalbaki hujjatlardan foydalangan holda sodir etish 5 yildan 10 yilgacha (avval 5 yildan 8 yilgacha edi) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Jinoyat jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa, ayblanuvchini 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.
Source: www.gazeta.uz