Toshkent shahrida "Oʻzbekinvest" Aksiyadorlik Jamiyati va Yaponiya hayot sugʻurtasini rivojlantirish jamgʻarmasi FALIA oʻrtasida Oʻzbekiston sugʻurta bozorini rivojlantirish masalalari boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda ikki tomon vakillari ishtirok etib, mamlakatimizda sugʻurta sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
FALIA jamgʻarmasi 1962-yilda Yaponiyaning yetakchi sugʻurta kompaniyalaridan biri boʻlgan Dai-ichi Life homiyligida tashkil etilgan va 2012-yildan beri ijtimoiy foydali tashkilot maqomiga ega. Jamgʻarma xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiradi, tadqiqotlar olib boradi va sugʻurta sohasi mutaxassislarini birlashtiradi.
Hamkorlik doirasida FALIA bilan birgalikda sugʻurta sektorining 200 dan ortiq mutaxassislari, shu jumladan "Oʻzbekinvest"ning 65 xodimi malaka oshirish kurslarida qatnashdi. Bu dasturlar hayot, mol-mulk, investitsiyalar va moliyaviy risklar sugʻurtasi boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganishga qaratilgan.
Uchrashuv natijasida tomonlar "Oʻzbekinvest" va Oʻzbekistonning boshqa sugʻurta kompaniyalari mutaxassislari uchun Yaponiyada stajirovka dasturlarini kengaytirish toʻgʻrisida kelishuvga erishdilar. Bu tashabbus mamlakatimiz sugʻurta bozorining raqobatbardoshligini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Source: kun.uz