Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shaxmat bo‘yicha xalqaro murabbiy Roman Vidonyak o‘z shogirdi Javohir Sindarovning Nomzodlar turniridagi g‘alabasiga izoh berdi va jamoaning uzoq muddatli strategiyasini ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoada “to‘rtta qadam”dan iborat aniq strategiya mavjud bo‘lib, Kiprdagi g‘alaba faqat oraliq bosqich hisoblanadi. “Birinchi qadam — Nomzodlar turniriga chiqish edi. Ikkinchisi — uni yutish, va biz buni uddaladik. Uchinchi qadam — jahon chempioni bo‘lish. Ammo to‘rtinchi, ehtimol, eng qiyini — 2800 reyting darajasida mustahkam o‘rnashish va turnirlarda Anatoliy Karpov, Garri Kasparov yoki Magnus Karlsen kabi ustunlik qilish. Bu esa juda, juda katta qadam”, dedi murabbiy ChessBase Deutschland nashriga bergan intervyusida.

Ushbu turnir natijasiga ko‘ra, Sindarov onlayn reytingda 30,5 punktga o‘sib, 2775,5 ko‘rsatkichga yetdi va jahon reytingida beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. Murabbiyning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2800 reytingga erishish uchun kamida yana ikki yil qattiq mehnat talab etiladi. Uning ta’kidlashicha, o‘tmishdagi buyuk chempionlar Javohirning yoshidayoq to‘liq ustunlik qilishga tayyor bo‘lgan, shu bois jamoa hozir aynan shu darajaga chiqish ustida ishlamoqda.

Vidonyak tayyorgarlik metodikasiga ham alohida to‘xtaldi. Ma’lum bo‘lishicha, Nomzodlar turniriga tayyorgarlik doirasida bir yil davomida Myunxenda har biri ikki haftagacha davom etgan 9 ta yig‘in o‘tkazilgan. “Ish asosan taxtada, kompyuterdan foydalanmasdan olib boriladi. Albatta, ChessBase’dan ham foydalanamiz, ammo asosiy qismi — men o‘zim tuzgan taxminan 40 mingta masala. Biz muayyan tizim asosida turli mavzularni ishlab chiqib, aniq ko‘nikmalarni rivojlantiramiz”, dedi Vidonyak.

O‘zbekistonlik shaxmatchilarning yutuqlari haqida fikr bildirayotib, Nodirbek Yakubboyev bilan ham shug‘ullanadigan Roman Vidonyak o‘yinchilarning mehnatkashligini ta’kidladi. “Men Nodirbek Yakubboyevni mashq qildiryapman — u juda astoydil va ko‘p ishlaydi. Nodirbek Abdusattorov esa bolaligidanoq muvaffaqiyatga to‘liq e’tibor qaratgan va yanada qattiq mehnat qiladi. O‘zbekiston terma jamoasida yana boshqa kuchli grossmeysterlar ham bor, men ularni biroz kamroq bilaman”, dedi u.

Roman Vidonyak Javohir Sindarov bilan 2025-yil boshida ishlay boshlagan. Shu vaqt ichida shaxmatchi Jahon kubogida g‘alaba qozondi, Tata Steel Chess superturnirida ikkinchi o‘rinni egalladi va Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘olib bo‘lib, turnirning zamonaviy formatida oltita g‘alaba bilan rekord o‘rnatdi. Unvondan tashqari, Sindarov kamida 165 ming yevro mukofot pullarini ham qo‘lga kiritdi (birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro va har yarim ochko uchun 5000 yevrodan).

Endi yosh grossmeyster amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshga qarshi jahon shaxmat toji uchun matchda ishtirok etadi. Match yil oxirida o‘tkazilishi kutilmoqda, uning aniq sanasi va joyi keyinroq FIDE tomonidan e’lon qilinadi. Gazeta avvalroq Javohir Sindarov va Nodirbek Yakubboyev Jahon kubogida ishtirok etgan paytda Roman Vidonyak bilan intervyu e’lon qilgan edi. O‘shanda ular Goada bo‘lib o‘tgan turnirda yarim finalga bir vaqtning o‘zida chiqib, asosiy sensatsiyaga aylangan edi.

Source: www.gazeta.uz