Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Milliy Investitsiya Fondi (UzNIF) o‘zining birinchi xalqaro IPO (dastlabki ommaviy taklif) jarayonini boshlashga tayyorligini e’lon qildi. Fond Toshkent fond birjasi va London fond birjasida bir vaqtning o‘zida aktsiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish (dual listing) rejasini amalga oshirmoqda. Toshkentda oddiy aktsiyalar, Londonda esa global depozitar kvitansiyalari (GDR) institutsional investorlarga taklif etiladi.

UzNIF dunyoning yetakchi investitsiya kompaniyalari bilan cornerstone-shartnomalar imzolaganligini ma’lum qildi. BlackRock, Franklin Templeton, Redwheel boshqaruvidagi fondlar, shuningdek, Allan & Gill Gray Foundation’ga tegishli ikki ishonch kompaniyasi fondning IPO’siga qatnashishga rozi bo‘lishdi. Ushbu investorlar tomonidan kafolatlangan umumiy investitsiya hajmi taklifning yakuniy narxida taxminan 300 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Yakuniy narx, GDR va aktsiyalar soni may oyining o‘rtalarida, bookbuilding jarayonidan so‘ng e’lon qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tish esa shundan keyin tez orada amalga oshiriladi. Franklin Templeton’ning sho‘ba korxonasi 2025-yil may oyidan beri UzNIF’ni boshqarib kelmoqda. Bu O‘zbekiston tarixidagi birinchi xalqaro IPO bo‘lib, mamlakatning global moliya bozorlariga integratsiyasini kuchaytiradi.

UzNIF transport, energetika, kommunal va telekommunikatsiya xizmatlari sohalaridagi 13 yirik davlat kompaniyasida 25-40 foiz ulushlarni birlashtiradi. Fondning portfel qiymati 2,4 milliard dollar deb baholanadi. IPO orqali to‘plangan mablag‘lar fondga emas, balki yagona aktsiyador – Iqtisodiyot va moliya vazirligi orqali davlat byudjetiga o‘tkaziladi.

Source: kun.uz