Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston iqtisodiyoti haqidagi so‘nggi prognozlarini e’lon qildi. Tashkilotning hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) o‘sishi 2026-yilda 6,8 foiz darajasida barqaror saqlanib, 2027-yilda esa taxminan 6 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Bu prognoz aprel oyi boshida mamlakatda bo‘lib o‘tgan XVJ missiyasi tashrifi yakunlari asosida ishlab chiqilgan.
XVJ 2025-yilda O‘zbekistonda YAIM o‘sishini 7,7 foiz darajasida baholadi, bu barqaror iste’mol va investitsiyalar, shuningdek, xizmatlar va qurilish sohalaridagi jadal sur’atlar bilan izohlanadi. Inflyatsiya 2024-yilda 7,3 foizgacha pasaygan, bunda energiya tariflarining ta’siri susaygani, so‘mning AQSh dollariga nisbatan 6,9 foizga mustahkamlangani va maqbul pul-kredit siyosati muhim rol o‘ynagan. Bazaviy inflyatsiya ham 1,5 foiz punktga tushgan.
Xalqaro zaxiralar yetarli darajada saqlanib, qariyb 13 oylik import hajmini qoplaydi. Yaqin Sharqdagi urush jahon iqtisodiyoti uchun tahdid tug‘dirsa-da, XVJ O‘zbekistonning iqtisodiy istiqbollarini ijobiy baholaydi. 2026-yilda kutilayotgan 6,8 foizlik o‘sish amaldagi islohotlar, barqaror investitsiyalar, faol pul o‘tkazmalari va oltin narxining oshishi hisobiga ta’minlanadi.
Biroq, ichki talabning asta-sekin pasayishi bilan 2027-yilda o‘sish sur’ati taxminan 6 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Aholi jon boshiga YAIM 2026-yilda 4500 dollardan oshib, 2027-yilda qariyb 5000 dollarga yetadi. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 2026-yilda qisqaradi, 2027-yilda esa pul o‘tkazmalari oqimining sekinlashishi va oltin narxining mo‘’tadil o‘sishi fonida biroz oshadi.
Mutaxassislar Yaqin Sharqdagi urush fonida noaniqlik darajasi yuqori saqlanib, iqtisodiy pasayish xavfi borligidan ogohlantiradilar. Urushning ta’siri O‘zbekistonga asosan bilvosita kanallar orqali—asosiy hamkor davlatlar bilan savdo aloqalari va xomashyo narxlari o‘zgarishi orqali seziladi. Ichki xavflar qatorida xarajatlarning ortishi, banklar balanslarining zaiflashuvi ehtimoli va davlat korxonalari majburiyatlari keltirilgan.
Source: www.gazeta.uz