Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yo‘rg‘a tuvaloq qushlarining populyatsiyasini tiklash maqsadida 2400 ta qush yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi. Bu qushlar Uchquduq, Tomdi, Konimex va Nurota tumanlarining cho‘l hududlariga chiqarilgan bo‘lib, loyiha Ekologiya qo‘mitasi, Birlashgan Arab Amirliklarining “Yo‘rg‘a tuvaloq” markazi va Falcon Hunting Solutions MCHJ hamkorligida amalga oshirilgan.

Yo‘rg‘a tuvaloq Qizilqum cho‘li ekotizimining noyob qushi bo‘lib, biologik xilma-xillikni saqlashda muhim o‘rin tutadi. U O‘zbekiston Qizil kitobiga hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro uyushmasi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi tur sifatida e’tirof etilgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu qushlar tabiiy muhitga moslashuvchanligi bilan ajralib turadi va qulay sharoit yaratilsa, populyatsiyani barqaror darajada saqlab qolish imkoniyati yuqori.

Viloyat Ekologiya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Furqat Qodirovning aytishicha, tabiatga qo‘yib yuborilgan qushlar GPS qurilmalari va oyoqlariga belgilangan maxsus raqamlar orqali kuzatuvga olingan. Bu ularning tabiiy muhitga moslashishi va yashash jarayonini doimiy monitoring qilish imkonini beradi. Mutaxassislar, shuningdek, qushlarni qo‘yib yuborish bilan birga ularning yashash muhitini muhofaza qilish va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish muhim ahamiyatga eka ekanini ta’kidladi.

O‘zbekistonda bu qushlarning ko‘payishini asosan Birlashgan Arab Amirliklari moliyalashtiradi. Buxoro viloyatida qushlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish Amirliklar markazi (Emirates Bird Breeding Center for Conservation), shuningdek, 2008-yildan buyon Navoiy viloyatida yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini saqlash bo‘yicha “Amirliklarning Yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi” (Emirates Center for Conservation of Houbara) faoliyat olib boradi. Ekologiya milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘rg‘a tuvaloq asosan O‘zbekistonning Qizilqum cho‘lida, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Kavkaz orti, Misr, G‘arbiy Osiyo, Mo‘g‘ulistonda yashaydi.

Qushlarning tabiatga qo‘yib yuborilishi har yili erta bahorda yoki kuzda, sentabr oyining o‘rtalarida amalga oshiriladi. Bu tadbirlar tabiatni muhofaza qilish va noyob turlarni saqlash bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarning muhim qismi hisoblanadi.

Source: www.gazeta.uz