Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ekspertlari O‘zbekistonga tashrif buyurgan missiyasi davomida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun davlat sektorida chuqur islohotlarni jadallashtirishni tavsiya qildi. Asosiy e‘tibor raqobatdosh tarmoqlarda foyda bilan ishlayotgan davlat korxonalarini xususiylashtirish va samarasiz, yashovchanligini yo‘qotgan kompaniyalarni tugatishga qaratilgan. XVJ bayonotida ta‘kidlanishicha, bu chora-tadbirlar mehnat unumdorligini oshirish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish hamda xususiy sektorning rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Missiya hisobotida strategik va raqobat mavjud bo‘lmagan sohalarda qolgan davlat korxonalari uchun korporativ boshqaruvni yaxshilash bo‘yicha aniq takliflar berilgan. Bular qatoriga bozor standartlari bo‘yicha daromadlilik talablarini qat‘iylashtirish, kuzatuv kengashlarini tayinlashda shaffoflikni oshirish, o‘ziga xos bo‘lmagan faoliyatdan voz kechish va audit hisobotlarining xalqaro standartlariga rioya etilishini ta‘minlash kiradi. Bunday islohotlar davlat ta‘siri ostidagi “yumshoq” budjet cheklovlarini bartaraf etishga yordam beradi.

XVJ, yaqinda tashkil etilgan Milliy investitsiya jamg‘armasining (MIJ) roliga alohida e‘tibor qaratdi. Tashkilotning ta‘kidlashicha, MIJning xorijiy institutsional investorlarni jalb qilishdagi muvaffaqiyati uning aniq vakolatlariga, operatsion mustaqilligiga va davlat korxonalarini qayta tuzish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu jamg‘arma xususiylashtirish jarayonlarini samarali boshqarish va investitsiya oqimlarini oshirish uchun muhim vositaga aylanishi mumkin.

Shuningdek, missiya davlat boshqaruvi, mehnat bozori va iqlim siyosati sohasidagi islohotlarni davom ettirish zarurligini ta‘kidladi. Bunga qonunbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish va davlat xizmatchilari aktivlarini deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qilish, ayollar bandligini oshirish, norasmiy sektorni qisqartirish hamda malakali ishchi kuchini rivojlantirish kiradi. XVJning fikricha, bu chora-tadbirlar davlat boshqaruvi tizimini mustahkamlash va investorlar ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

Nihoyat, jamg‘arma ekspertlari iqtisodiyotda bozor tartibini va raqobatni kuchaytirish uchun tarmoq regulyatorlari faoliyatini kuchaytirish, asosiy sektorlarda mutlaq huquqlarni bekor qilish va Jahon savdo tashkilotiga (JST) a‘zo bo‘lish bilan bog‘liq islohotlarni yakunlashni tavsiya qildi. Ularning bahosiga ko‘ra, bu chora-tadbirlar xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish va raqobatni kuchaytirish imkonini beradi, bu esa O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.

Source: www.gazeta.uz