O‘zbekistondagi banklar endi mijozlar bank kartalaridagi mablag‘larni to‘liq ‘nolgacha’ yechib ololmaydi. Uzcard to‘lov tizimi tomonidan e’lon qilingan yangi qoidaga ko‘ra, 15-apreldan boshlab, kreditlar, muddatli to‘lovlar (rassrochka), mikroqarzlar va boshqa majburiyatlar hisobiga mablag‘larni akseptsiz yechib olishda kartada kamida BHMning 3 baravari miqdori (1 million 236 ming so‘m) qoldirilishi shart bo‘ladi.
Akseptsiz yechib olish – bu mablag‘larni har bir operaysiya uchun alohida tasdiqsiz, kartadan avtomatik ravishda yechib olinishidir. Bu odatda banklar va boshqa moliyaviy tashkilotlar oldidagi majburiyatlarni bajarish uchun qo‘llaniladi va to‘lov intizomining bir qismi hisoblanadi. Yangi cheklov shuni anglatadiki, hatto qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda ham, yechib olish faqat belgilangan minimal qoldiqdan ortiqcha bo‘lgan summa doirasida amalga oshiriladi, karta balansi esa nollashtirilmaydi.
To‘lov tizimi ishtirokchi banklar bilan birgalikda zarur texnik yangilanishlarni allaqachon joriy etdi. Ba’zi banklar, masalan, mijozlarga ushbu yangilik haqida xabarnomalar yuborishni boshladi. Biroq, bu qoida mijozning o‘zi karta rekvizitlarini kiritib, to‘lovni bir martalik kod (OTP) bilan tasdiqlagan holatlarga taalluqli emas – bunday vaziyatlarda mablag‘ to‘liq hajmda yechib olinishi mumkin.
Cheklov to‘lov tizimlari darajasida o‘rnatilmoqda. Hozirgi vaqtda Uzcard ushbu yangilik haqida rasman e’lon qildi, shu bilan birga, yaqin orada Humo tizimidan ham xuddi shunday xabar berilishi kutilmoqda. Bu o‘zgarishlar moliyaviy xavfsizlikni oshirish va mijozlarni to‘lov intizomini saqlashga undash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Source: www.gazeta.uz