O‘zbekistonda 1 iyuldan boshlab ikki yillik tajriba doirasida bond omborlari tashkil etishga ruxsat beriladi. Bu omborlar import tovarlarni vaqtincha saqlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular faqat marketpleyslar orqali jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyojlari uchun sotiladi.
Tovarlar ikki guruhga bo‘lingan. Birinchi guruhga smartfonlar, noutbuklar va planshetlar kiradi – ular uchun yagona bojxona to‘lovi QQSsiz sotish narxining 5 foizi miqdorida belgilangan. Ikkinchi guruhga brendsiz kiyim-kechak va poyabzallar kiradi – ular uchun QQS 12 foiz va bojxona to‘lovi 3 foiz etib belgilangan.
Milliy istiqbolli loyihalar agentligi boshqarmasi boshlig‘i Komronbek Muhammadievning so‘zlariga ko‘ra, bu mexanizm elektron tijoratni rivojlantirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan. Hozirda O‘zbekistonda elektron tijorat ulushi taxminan 5 foizni tashkil etadi, jahonda esa bu ko‘rsatkich 15–20 foizni tashkil qiladi.
Bond omborlari orqali olib kelingan tovarlarni chakana savdoda qayta sotish taqiqlanadi. Bu jarayon Bojxona qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi, ombor operatori va elektron savdo platformasi operatori tomonidan qattiq nazorat qilinadi.
Uch oy ichida bond omborlari faoliyati va maxsus elektron platformalar orqali tovarlarni sotish bo‘yicha ikkita vaqtinchalik nizom ishlab chiqiladi. Talablar ochiq va shaffof bo‘ladi. Agentlik logistika infratuzilmasiga sarmoya kiritishga tayyor institutsional investorlarni kutmoqda. 100 ming kvadrat metrlik ko‘p funksiyali omborni qurish taxminan 100 million dollarga tushadi.
Source: kun.uz