24-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudida Namangan shahri hokimi lavozimida ishlagan va pora olishda gumonlanib ushlangan Anvarjon Otaxodjayev hamda boshqalarga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudlari xabar berdi.
Jami 6 nafar sudlanuvchining barchasi erkak bo‘lib, 3 nafar sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish, 3 nafariga esa munosib xulq-atvorda bo‘lish tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.
Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning sentabr oyida DXX Anvar Otaxo‘jayevning qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, shahar hokimi poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari bilan til biriktirib, tadbirkorga shahar hududidagi 35 sotix yerda ko‘p qavatli uy qurish huquqini olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga ular 60 ming dollar talab qilishgan.
Otaxodjayev 2023-yil dekabr oyida Namangan shahri hokimi etib tayinlangan. U 1972-yilda Namanganda tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1994 va 2002-yillarda Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti, 2011-yilda Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
Source: www.gazeta.uz