Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jahon neft narxlari yil boshidan 40 foizga oshgani, geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli logistika yo‘laklari o‘zgartirilgani va eksport-import transport xarajatlari 25–30 foizga ko‘tarilganini ma’lum qildi.

“Iqtisodiyotni rivojlantirishga qancha harakat qilmaylik, agar inflyatsiya o‘sishda davom etsa, aholi va tadbirkorlar hayotida ijobiy o‘zgarishlarni sezmaydi. Tovar, ish va xizmatlar narxining oshishi oshgan daromadlarni qadrsizlantiradi”, dedi prezident. Import inflyatsiyasi ichki narxlarga qo‘shimcha 1 foizgacha bosim o‘tkazmoqda.

Prezident tashqi bosimni bahona qilib inflyatsiyani jilovlash ishlarini o‘z holiga tashlab bo‘lmasligini ta’kidladi. “Barcha rahbarlar katta harflar bilan yozib olishlari kerak: iste’mol savatining 70 foizi – bizning mahalliy tovar va xizmatlarimiz”, dedi davlat rahbari.

Bu yil inflyatsiyani 6,5 foiz darajasida ushlab qolish uchun hokimlar oldiga mahalliy mahsulotlar taklifini ko‘paytirish va narxlarni pasaytirish vazifasi qo‘yildi.

Logistikadagi uzilishlar tufayli birinchi chorakda yirik shoxli qoramol importi ikki barobarga qisqardi. Tezkor chora sifatida har bir nasldor qoramolni samolyotda tashish uchun 4 million so‘mgacha kompensatsiya, go‘sht importida esa transport xarajatlarining yarmini qoplash joriy etildi.

Muqobil transport yo‘laklarini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil oxirigacha esa 130 ming tonna go‘sht import qilinishi kerak.

Hududlarda 478 ming gektar maydonga yem-xashak ekinlari ekish rejalashtirilgan. Namangan viloyatida yem-xashak maydonlarining 74 foizida ekish ishlari bajarilmagan, Zarbdor, Qiziltepa va Pop tumanlarida silos tayyorlash boshlanmagan.

Rejalashtirilgan 180 ming gektar kartoshkadan atigi 118 ming gektarga ekilgan. Qashqadaryoda 41 foiz, Surxondaryoda 44 foiz maydon ekilgan. Mart oyida Surxondaryoda kartoshka 12,4 foizga, Qashqadaryoda 9 foizga qimmatlagan.

Prezident qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari va tuman hokimlarining javobgarligini kuchaytirishni topshirdi. “Takrorlayman: pul bor, resurslar bor. Go‘sht va kartoshka bilan muammo bo‘lmasligi kerak”, dedi davlat rahbari.

Source: kun.uz