Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga qilgan tashrifi davomida Quva tumanidagi qishloq xo‘jaligi majmuasida bo‘ldi. Ushbu majmuada agrovotaltika texnologiyasi joriy etilgan bo‘lib, bu bir maydonda bir vaqtning o‘zida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va quyosh panellari yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Agrovotaltika usuli quyoshli kunlar ko‘p bo‘lgan O‘zbekiston sharoitida ayniqsa samarali hisoblanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda ushbu yo‘nalishning salohiyati 10 gigavattga yetadi. Quyosh panellari o‘simliklar uchun soya yaratib, tuproqda namlikni uzoqroq saqlashga va suv sarfini kamaytirishga yordam beradi. O‘z navbatida, ekinlar yerning optimal haroratini saqlab, quyosh modullari samaradorligini oshiradi.
Majmuada ilg‘or suv tejovchi texnologiyalar ham qo‘llanilmoqda. Xususan, Avstriyaning Bauer kompaniyasi texnologiyasiga asoslangan yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Bu tizim dalalarga suvni bir tekis yetkazib berishni ta’minlaydi, tuproq namligini saqlashga, o‘g‘itlarni nuqtali kiritishga va hosildorlikni oshirishga yordam beradi.
Ushbu texnologiya avval respublika fermer xo‘jaliklarida sinovdan o‘tkazilgan va yuqori samaradorlik ko‘rsatgan: suv sarfi 40 foizga, o‘g‘itlar 35 foizga, qo‘l mehnati 90 foizga kamaygan, hosildorlik esa 25 foizga oshgan.
110 gektar maydonni egallagan majmua intensiv bog‘dorchilik, chorvachilik va baliqchilikni birlashtiradi. Bu mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan ilk agromajmualardan biridir. Hududda 10 ming quyosh paneli o‘rnatilgan bo‘lib, ular nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqaradi, balki o‘simliklar uchun soya yaratib, tuproq namligini saqlashga hissa qo‘shadi.
Elektr energiyasi baliqchilik hovuzlarini kislorod bilan to‘yintirish uchun ishlatiladi, ulardan minerallarga boy suv esa uzumzorlar va bog‘larni sug‘orishga yo‘naltiriladi. Davlat rahbari majmua faoliyati bilan tanishib, agrodronlar yordamida ekinlarni qayta ishlash va monitoring qilish jarayonini ham ko‘zdan kechirdi.
Source: kun.uz