6-aprel kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tuman jinoyat ishlari sudida 53 yoshli N.I. ismli fuqaroga nisbatan hukm o‘qildi. U Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilganlikda ayblangan.
Sud materiallariga ko‘ra, N.I. 2023-yil sentabr oyida Rossiyaga ishlash maqsadida borgan. Sochida kvartirada yashayotganida politsiya tintuv o‘tkazib, oshxonadan giyohvandlik vositalarini topgan. Natijada u 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Jazoni o‘tayotgan vaqtida N.I.ga Rossiya armiyasiga yollanish taklifi tushgan. 2025-yil avgustda u 2,4 million rubl evaziga Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan. Donetskda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, jangovar harakatlarda qatnashgan.
Sudda N.I. dastlab rozi bo‘lmaganini, ammo qiynoq va tazyiqlardan so‘ng shartnoma imzolaganini aytgan. U dron hujumida yaralanib, chap kurak suyagi singan va tanasining boshqa qismlari shikastlangan.
2025-yil noyabrda harbiy gospitaldan qochib, Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan va vatanga qaytish guvohnomasi bilan O‘zbekistonga qaytgan. Keyin IIBga kelib, voqealarni aytib bergan.
Sud N.I.ning aybiga to‘liq iqrorligi, pushaymonligi, ilgari sudlanmaganligi va jinoyatni majburlik holatida sodir etganini yengillashtiruvchi holatlar deb topgan. U Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan aybli topilib, 57-modda qo‘llanib, 2 yil ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, “Xochu jit” loyihasi Rossiya armiyasida jang qilayotgan 4853 nafar o‘zbekistonlikni aniqlagan. Bu Markaziy Osiyodan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, umumiy hisobda 12 666 kishi Ukrainadagi urushga jalb qilingan.
Source: www.gazeta.uz