O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida inflyatsiya prognozida elektr energiyasi va gaz tariflarining 10 foizgacha oshishi mumkinligi inobatga olinganini ma’lum qildi.
“Inflyatsiya prognozida davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlarning barchasi inobatga olinadi. Biz hukumat bilan doimiy muloqotdamiz. Prognoz shakllantirilayotganda energotariflar va kommunal to‘lovlarning rejalashtirilayotgan o‘sishi albatta inobatga olinadi”, — dedi u.
Rais o‘rinbosari Nodirbek Achilov qo‘shimcha qildi: “Yil boshida e’lon qilingan 10 foizgacha indeksatsiyani [prognozimizda] inobatga olganmiz. Lekin hali [tariflar oshishi] e’lon qilinmadi”.
Timur Ishmetov energotariflar qachon oshirilishi yoki oshirilmasligi bo‘yicha savolga esa u emas, hukumatdagi hamkasblari javob bergani to‘g‘riroq bo‘lishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta energetika sohasidagi manba O‘zbekistonda aholi uchun energiya resurslari tariflarini navbatdagi marta qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilinayotganini xabar qilgandi. Hukumatning iqtisodiy bloki hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan gaz va elektr energiyasi narxini oshirish taklifi hozirda ko‘rib chiqilmoqda.
Manbaga ko‘ra, hujjat loyihasida elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarini 9-10 foizdan oshirish taklif etilmoqda. Yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Agar taklif ma’qullansa, yangi narxlar hujjat imzolanganidan 15 kun o‘tib kuchga kirishi mumkin.
2025-yilgi hukumat qarorida 2026-yildan e’tiboran energiya resurslari narxlarini har yili 1-maydan inflyatsiyani hisobga olgan holda, biroq 10 foizdan oshirmasdan oshirib borish mexanizmi belgilangandi. Mart oyida O‘zbekistonda umumiy inflyatsiya yillik 7,1 foizgacha pasaydi. Markaziy bank ko‘rsatkich pasayishda davom etib, yil yakuniga 6,5 foizgacha sekinlashishini prognoz qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz