Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 150 ming kilometrdan ortiq daryolar, soylar va kanallar mavjud. Bu manbalar nafaqat ichimlik suvi va sug‘orish, balki energetika, iqtisodiyot hamda ekologiya nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.
Bugungi kunda elektr energiyasi ishlab chiqarishning katta qismi tabiiy gaz va ko‘mirga bog‘liq. Gidroenergiya ulushi esa 10−12 foiz atrofida. Shu bois, gidroenergetikani rivojlantirish energiya tizimini barqarorlashtirish, yoqilg‘i resurslariga bog‘liqlikni kamaytirish va suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim o‘rin tutadi.
Taqdimotda 2026−2032-yillarda umumiy qiymati 5,8 milliard dollar bo‘lgan 73 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Buning natijasida qo‘shimcha 3,6 gigavatt quvvat yaratilishi kutilmoqda.
Joriy yilda 13 ta GESni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 114 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 537 million kilovatt-soatni tashkil etadi. Mazkur loyihalar doirasida 254 ta ish o‘rni yaratiladi. Bunga qo‘shimcha Bo‘stonliq tumanida 28 million dollarlik grantlar hisobidan 20 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
Qayd etilishicha, yirik loyihalar qatorida Bo‘stonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES qurilishi alohida ahamiyatga ega. Qiymati 365 million dollar bo‘lgan mazkur loyihaning quvvati 160 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi 484 million kilovatt-soat bo‘ladi. Bu 161 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Loyihada mahalliy komponentlar ulushi 82 foizni tashkil etadi.
Farg‘ona viloyati So‘x tumanida “milliy loyiha” tamoyili asosida So‘x GES qurilishi rejalashtirilgan. Quvvati 15 megavatt bo‘ladigan ushbu stansiya yiliga 50 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, tumandagi elektr ehtiyojining 71 foizini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
Yuqori To‘palang hududining gidroenergetika salohiyati ham ko‘rib chiqildi. “To‘palang” suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish, yiliga qariyb 1,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Source: www.gazeta.uz