Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatda raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy qilish orqali iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish hamda insonlar hayotini yengillashtirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq, AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, sohada 300 ming nafar yoshlarni band qilish hamda BMTning Elektron hukumat indeksida yurtimizni dunyoning yetakchi 30 davlati qatoriga kiritish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda raqamlashtirish sohasining mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri sezilarli darajada oshgan. Oxirgi besh yilda sohadagi yalpi qo‘shilgan qiymat o‘rtacha 24,8 foizga o‘sib, mazkur ko‘rsatkich YAIM o‘sish sur’atlaridan 3,5 barobar yuqori bo‘lgan. Axborot va aloqa tarmog‘ida band bo‘lganlar soni 2017-yildagi 64,3 ming nafardan 108,8 ming nafarga, o‘zini o‘zi band qilganlar soni esa 10 mingdan 181 ming nafarga yetgan. Hozirgi kunda sohada 11 ming 900 dan ziyod korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning qariyb 1,4 mingtasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan.

Taqdimotda raqamli ta’limni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida 1 milliondan ortiq boshlang‘ich kurs tinglovchilari, 300 mingdan ziyod o‘rta bosqich tinglovchilari va 1,5 ming professional darajadagi mutaxassis tayyorlangani aytildi. Endi maktablarda sun’iy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklif qilindi.

Shu bilan birga, maktablarda raqamli infratuzilma holati tahlil qilindi. Hozirda 69 foiz maktablarda Wi-Fi zonasi umuman mavjud emasligi, 5 mingta kompyuter sinfi ma’nan eskirgani, 2 mingta maktabda esa bunday xonalar yo‘qligi qayd etildi. Shu bois, 2030-yilgacha 16 mingta kompyuter sinfxonalarini yangilash, maktablarni bepul Wi-Fi nuqtalari bilan ta’minlash va internet tezligini oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Source: www.gazeta.uz