O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning mintaqadagi energetika va raqamli integratsiya bo‘yicha yangi tashabbuslarining muhim qismi hisoblanadi. Bu haqda 3-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan yillik anjumanda OTB prezidenti Masato Kanda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, OTB ko‘magi nafaqat infratuzilmaga, balki xususiy sektorni rivojlantirish, ijtimoiy himoya va inson kapitaliga ham yo‘naltiriladi. “Xususan, bu mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston men hozirgina aytib o‘tgan ikkita tashabbusning — Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi energetika va raqamli integratsiya sohasidagi loyihalarning muhim qismidir”, — dedi u.
OTB rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bank ko‘magi O‘zbekistonning boshqa mamlakatlar bilan energetika va raqamli aloqalarini kengaytirishga qaratiladi. “Aloqalarni rivojlantirish biznes imkoniyatlarini yaratish hamda odamlarga, jumladan, chekka hududlardagi aholiga asosiy davlat xizmatlarini ko‘rsatish orqali tengsizlikni kamaytirish va ijtimoiy qamrovni oshirishga ham yordam beradi”, — deb ta’kidladi Masato Kanda.
U, infratuzilma loyihalaridan tashqari, OTB ijtimoiy himoya va inson kapitalini rivojlantirishni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi. “Biz inklyuziv, barqaror va uzoq muddatli rivojlanishni ta’minlash uchun O‘zbekiston bilan barcha yo‘nalishlarda sheriklikni mustahkamlashda davom etamiz. Infratuzilma, shubhasiz, faoliyatimizning muhim qismi bo‘lib qoladi. Biroq asosiy missiyamiz — odamlar, ayniqsa, eng kam ta’minlangan va zaif qatlamlar hayotini yaxshilash”, — dedi OTB prezidenti.
Undan, shuningdek, O‘zbekistonga xalqaro investorlarni jalb qilish va OTBning mamlakatdagi kelgusi dasturi haqida ham so‘raldi. “OTB uchun ustuvor yo‘nalish xususiy sektorni rivojlantirishdir — bu haqiqatan ham bizning asosiy vazifamiz”, — dedi u. Masato Kandaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning bu boradagi salohiyati “ulkan”. “Yaxshi xabar shundaki, mamlakat prezidenti va vazirlar bu salohiyatni, shuningdek, yengib o‘tilishi kerak bo‘lgan to‘siqlarni ham yaxshi tushunmoqda”, — deb ta’kidladi u.
OTB rahbari investorlarni jalb qilish uchun, avvalo, qulay muhit yaratish zarurligini ta’kidladi. “Bu ko‘p narsalarni o‘z ichiga oladi, lekin birinchi navbatda — tartibga solish, shaffoflik va oldindan prognoz qilish imkoniyati, bular investorlar uchun o‘ta muhimdir”, — dedi Masato Kanda. U, shuningdek, O‘zbekiston hukumati va OTBning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan rivojlanayotgan infratuzilma va inson kapitalining ahamiyatini qayd etdi.
Kandaning qo‘shimcha qilishicha, mintaqaviy hamkorlik xususiy sektorning kirib kelishi va “bozorlar samaradorligini oshirish orqali ko‘proq kapital jalb qilish” uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. “Mintaqaviy ko‘lam tufayli investitsiyalar uchun yanada foydali yo‘nalishlar paydo bo‘ladi. Shu bois biz O‘zbekistonda xususiy sektor rolining kuchayishi istiqbollariga optimizm bilan qaraymiz”, — dedi OTB prezidenti.
OTB Samarqanddagi yig‘ilishda 2035-yilgacha bo‘lgan davr uchun 70 milliard dollarlik ikkita tashabbus ishga tushirilganini e’lon qildi. Mablag‘larni energiya tizimlarini birlashtirish, elektr energiyasining transchegaraviy savdosini rivojlantirish, raqamli koridorlar, data markazlar va mintaqada internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.
Source: www.gazeta.uz