Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Buxoroning yangi xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida qurish va boshqarish loyihasida ishtirok etishga 50 ga yaqin kompaniya qiziqish bildirdi. Bu haqda 5-may kuni Samarqandda o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishi doirasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.

“Buxoroda tender e’lon qildik. U yerda 50 ga yaqin kompaniya qiziqish bildirib ulgurdi. Nomlarini ayta olmayman, lekin 11-may atrofida birinchi bosqich yakunlanadi. Keyin ikkinchi bosqichga o‘tamiz. Saralab olamiz va shu saralash asosida keyingi bosqichga o‘tamiz. Bu ham katta loyiha”, — dedi u.

11-mart kuni Transport vazirligi DXSH modeli asosida Buxoro yangi xalqaro aeroportini qurish va boshqarish loyihasi doirasida malaka so‘rovi (RfQ) boshlanganini ma’lum qilgan edi. Loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan Uzbekistan Airports, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Yangi aeroport majmuasini Buxoro tumanidagi “Qumsulton” massivi hududida qurish rejalashtirilgan. U ichki va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatadi hamda mintaqaning asosiy transport bog‘lamlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Buxoroning amaldagi xalqaro aeroporti 574 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Yo‘lovchi oqimining asosiy qismini xalqaro reyslar tashkil etdi.

Loyiha doirasida maydoni 48,5 ming kv. m bo‘lgan yo‘lovchi terminali qurilishi ko‘zda tutilgan. Uning o‘tkazuvchanlik quvvati xalqaro reyslarda soatiga 1200 nafar, ichki reyslarda esa 400 nafar yo‘lovchini tashkil etadi.

Shuningdek, keytering binosi, avtoturargohlar, yuk maydonchalari va sig‘imi 8000 kub m bo‘lgan yoqilg‘i quyish majmuasi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha shartlariga ko‘ra, aerodrom infratuzilmasi davlat boshqaruvida qoladi. Xususiy sherik esa yo‘lovchi terminali va unga tegishli infratuzilmani qurish hamda ekspluatatsiya qilish uchun mas’ul bo‘ladi.

2022-yil aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyevga davlat-xususiy sheriklik asosida Buxoro xalqaro aeroportining yangi terminalini qurish loyihasi taqdim etilgandi. Xususiy sherikni tender orqali (2023-yil kuzida) tanlab olish rejalashtirilgandi.

Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda Buxoro tumanida yangi aeroport qurish zaruriyati haqida shunday degan: “Buxoro aeroporti turistlar oqimini 2 barobar oshirish rejasi uchun kichiklik qilmoqda. Kecha Buxoro tumanida hozirgidan 3 barobar ko‘p quvvatga ega 226 million dollarlik yangi zamonaviy xalqaro aeroport qurilishiga start berildi. Bu yerda haftasiga 100 ta reys yo‘lga qo‘yiladi”. O‘z navbatida, o‘tgan yil bahorida Buxoro yangi aeroportini 2026-yil oxirida ochish rejalashtirilayotgani aytilgandi.

Yaqinda aeroport qurilishida Enter Engineering kompaniyasi xususiy sherik bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu loyihaga yangi investorlarni jalb qilish rejalari haqida xabar berilgan.

Source: www.gazeta.uz