Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida ACWA Power kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident O‘zbekiston “yashil” energetika sohasining asosiy hamkori bo‘lgan ACWA Power faoliyatini yuqori baholadi. Muloqot davomida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti qurilishini boshlash, Farg‘ona shahrida ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasini barpo etish, IT-parkda zamonaviy ma’lumotlar markazini ishga tushirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Muhammad Abunayyan O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilib, delegatsiyani qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi. “O‘zbekiston allaqachon mening ikkinchi vatanimga aylanib qoldi va bu mamlakatga har safar kelishni intiqlik bilan kutaman. Bu yurtga kelar ekanman, siz bilan mazmunli uchrashuvlar o‘tkazishdan hamisha umidvor bo‘lib turaman”, — dedi u.

ACWA Power rahbari mintaqadagi murakkab vaziyatga qaramasdan, Saudiya Arabistoni O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishni davom ettirish niyatida ekanini ta’kidladi. “Lekin shunday bo‘lishiga qaramay, Saudiya Arabistoni podshohligi O‘zbekistonga, ya’ni biz uchun qadrli bo‘lgan O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlashga, investitsiyani yana ham ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdilar va biz ham O‘zbekistonga investitsiyalarni yanada oshirish ustida ishlayapmiz”, — dedi Abunayyan “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi uchrashuvda tomonlar ACWA Power’ning O‘zbekistonga investitsiyalarini yana 5 mlrd dollarga oshirish masalasini muhokama qilgan. “Biz bu maqsadlarimizni amalga oshirish yo‘lida qat’iyat bilan oldinga intilamiz”, — dedi u.

Abunayyan o‘zbekistonlik hamkorlar bilan vodorod energetikasi va Sirdaryo viloyatidagi issiqlik elektr stansiyasining ikkinchi bosqichi kabi yangi loyihalar muhokama qilinganini ma’lum qildi. “Men bugun O‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan gaplashganimda ham yangi-yangi loyihalarni muhokama qildik, jumladan, vodorod sohasidagi, shuningdek, Sirdaryo ikkinchi loyihasi bo‘yicha gaplashib oldik va bu hamma loyihalarni birgalikda amalga oshiramiz”, — dedi u.

Shuningdek, u kompaniya Yangi Toshkent qurilishi bilan bog‘liq loyihalar ustida ham ishlayotganini qayd etdi. Bundan tashqari, Abunayyan Saudiya Arabistonidagi Ar Riyod (Riyadh City Boulevard) xiyobonida O‘zbekiston uchun 5-6 ming kv. metr maydon ajratish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. “U yerda O‘zbekiston paviloni barpo etish va albatta, O‘zbekistonning tarixi, madaniyatini namoyon qiladigan katta loyihani amalga oshirishni maqsad qilganmiz”, — dedi u.

ACWA Power raisi, shuningdek, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasining O‘zbekiston bilan hamkorlik o‘zgarmasligi haqidagi pozitsiyasini yetkazdi. “Yana takror aytaman, valiahd hazrati oliylari dunyoda nima sodir bo‘lmasin, geosiyosiy vaziyat qanday bo‘lmasin, bu O‘zbekiston bilan bo‘lgan sherikligimizga zarracha ta’sir qilmasligi, aloqalarimiz sur’atini o‘zgartirmasligini qat’iy ta’kidlab, sizga yetkazishimni tayinladi”, — dedi Abunayyan.

O‘tgan yil iyun oyida ACWA Power’ning O‘zbekiston bo‘yicha moliya direktori (CFO) Sumendra Raut kompaniya hukumat bilan 5 mlrd dollarlik yangi kelishuv imzolashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda ACWA Power’ning O‘zbekistondagi umumiy investitsiyalari hajmi 15 mlrd dollarga yetgan, portfeli esa 19 ta energetika loyihasini o‘z ichiga oladi, ularning 18 tasi qayta tiklanuvchi energiya manbalariga to‘g‘ri keladi.

ACWA Power — Saudiya Arabistonidagi eng yirik energetika kompaniyalaridan biri bo‘lib, qayta tiklanuvchi energiya, suv ta’minoti va energiyani saqlash tizimlari sohasidagi loyihalarga ixtisoslashgan. Kompaniya 10 dan ortiq mamlakatda, jumladan O‘zbekistonda faoliyat yuritadi va energetika sohasidagi eng yirik xorijiy investorlardan biri hisoblanadi.

Qoraqalpog‘istonda ACWA Power ishtirokida quvvati 1,5 GVt va 100 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. Ulardan birining qiymati 1,65 mlrd dollarga baholanmoqda. Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har biri 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda. Ularni amalga oshirish uchun 741 mln dollarga yaqin mablag‘ jalb qilingan.

Kompaniya, shuningdek, Toshkent va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ustida ish olib bormoqda. Bundan tashqari, ACWA Power Chirchiq shahrida “yashil” vodorod ishlab chiqarish zavodi loyihasiga investitsiya kiritmoqda. Uning qurilishiga PowerChina jalb qilingan. Loyihani yakunlash avvalroq joriy yil dekabriga rejalashtirilgan edi, dastlabki qiymati 88 mln dollarga baholangan.

Yangi tashabbuslar orasida Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari bor. Ulardan birining qiymati 262 mln dollarga teng. Shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish, Toshkent viloyatida esa quvvati 334 MVt bo‘lgan energiya saqlash akkumulyator tizimini yaratish rejalashtirilgan.

Avvalroq O‘zbekiston energetikasini rivojlantirish bo‘yicha 10 yillik master-rejani ishlab chiqish uchun BCG jalb etilgani xabar qilingan edi.

Source: www.gazeta.uz