O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov 5-may kuni Polshaning Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan Grand Chess Tour 2026 seriyasining ilk bosqichi — Super Rapid & Blitz Poland turnirida kuchli o‘yin namoyish etmoqda. Rapid yo‘nalishidagi dastlabki uch turdan so‘ng u 6 imkoniyatdan 4 ochko to‘plab, peshqadamlar guruhidan joy oldi.
Sindarov birinchi turda amerikalik Hans Nimann bilan durang o‘ynadi. Ikkinchi turda polshalik Radoslav Voytashekni mag‘lub etgan o‘zbekistonlik shaxmatchi uchinchi turda yana bir polshalik grossmeyster Yan-Kshishtof Duda bilan durang qayd etdi. Natijada u Fabiano Karuana, Uesli So, Vladimir Fedoseyev va Hans Nimann bilan birga 4 balldan to‘plagan holda yetakchilar qatoridan joy oldi.
Dastlabki uch partiyada mag‘lubiyatga uchramagan yagona ishtirokchilar Sindarov va Nimann bo‘ldi. Amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh esa birinchi kundan so‘ng bor-yo‘g‘i 50% ochko to‘pladi. Ikkinchi turda u endshtildagi xatosi tufayli Nimannga imkoniyatni boy berdi: qoralarning o‘tuvchi piyodasi hal qiluvchi rol o‘ynadi va Gukesh mag‘lubiyatini tan oldi.
6-may kuni rapid yo‘nalishida yana uchta partiya o‘tkaziladi. Sindarov ushbu kunda Uesli So, Dommaraju Gukesh va Maksim Vashe-Lagravelarga qarshi dona suradi. 7-may kuni rapid formatidagi so‘nggi uch partiya bo‘lib o‘tadi, 8−9-may kunlari esa ishtirokchilar blits bahslarida kurashni davom ettiradi.
Turnir qoidalariga ko‘ra, rapidda g‘alaba uchun 2 ochko, durang uchun 1 ochko beriladi. Blitsda esa standart tizim amal qiladi: g‘alabaga 1 ochko, durangga 0,5 ochko. Bosqich g‘olibi ikki yo‘nalishdagi ochkolar yig‘indisiga ko‘ra aniqlanadi.
Grand Chess Tour 2026 seriyasi Polshadagi ushbu bosqich bilan ochildi. Turnirda Dommaraju Gukesh, Javohir Sindarov, Fabiano Karuana, Alireza Firuzja, Hans Nimann, Maksim Vashe-Lagrav, Yan-Kshishtof Duda, Uesli So, Vladimir Fedoseyev va Radoslav Voytashek ishtirok etmoqda. Varshavadan so‘ng seriya Buxarestdagi klassik turnir, Zagreb va Sent-Luisdagi tezkor shaxmat bosqichlari hamda AQShda bo‘lib o‘tadigan final bilan davom etadi.
Source: www.gazeta.uz