Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) va Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonda shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha 107 million dollarlik kredit shartnomasini imzoladi. Mazkur stansiya Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida barpo etiladi.

Quvvati 300 MVt bo‘lgan ushbu stansiya yiliga taxminan 943 GVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Bu 336 mingdan ortiq xonadonni elektr bilan ta’minlash imkonini beradi va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 475 ming tonnaga kamaytirishga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida har birining quvvati 8 MVtgacha bo‘lgan 39 ta shamol turbinasi, 35/500 kilovoltli yangi podstansiya va stansiyani milliy energiya tizimiga ulash uchun taxminan 1,5 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish liniyasi quriladi.

SHES yaqin atrofda joylashgan “Bash II” stansiyasini to‘ldirib, hududda yirik qayta tiklanuvchi energiya klasterini hosil qiladi. Loyihada OIIBdan tashqari Osiyo taraqqiyot banki va Standard Chartered Bank ham moliyaviy sherik sifatida ishtirok etmoqda.

OIIB investitsiya bloki rahbari Konstantin Limitovskiyning ta’kidlashicha, ushbu investitsiya O‘zbekistonning barqaror va diversifikatsiyalashgan energetika tizimiga o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Xususiy kapitalni jalb etish va ACWA kabi tajribali ishlab chiquvchilar bilan hamkorlik loyihaning muvaffaqiyatini ta’minlaydi.

ACWA Power moliyaviy direktori Abdulhamid Al-Muhaydib davlat-xususiy sheriklik modeli kapitalni samarali jalb qilishda muhim ekanini qayd etdi. 2019-yildan buyon OIIB va ACWA Power O‘zbekiston energetika sektoriga jami 440 million dollar atrofida investitsiya kiritgan.

Yangi loyiha doirasida ishlab chiqarilgan energiya “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan uzoq muddatli shartnoma asosida sotib olinadi. Avvalroq ACWA Power rahbari O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvda kompaniya mamlakatga investitsiyalarni kengaytirish niyatida ekanini bildirgan edi.

Hukumat energiya tizimining barqarorligini oshirish maqsadida gidroenergetika sohasida 5,8 milliard dollarlik 73 ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ular orasida Bo‘stonliq tumanida qurilayotgan 28 million dollarlik grant mablag‘lari hisobidan quvvati 20 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ham bor.

Source: www.gazeta.uz