1 iyuldan O‘zbekistondagi xususiy tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi doirasida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat etiladi. Bu prezidentning 5-maydagi sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.
Jumladan, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida va litsenziyasida nazarda tutilgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha bemorlarga davlat budjeti hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda davolash xarajatlari davlat va xususiy klinikalar uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi.
Shu bilan birga, milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot tashkilotlari uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzishda Sog‘liqni saqlash vazirligi ekspert komissiyasining xulosasini olish talabi bekor qilinadi.
Yangi tartibga ko‘ra, Jamg‘arma mablag‘lari doirasida bemorlarga ixtisoslashtirilgan ambulator xizmatlar va jarrohlik amaliyotlari uchun yo‘llanma berish mexanizmi joriy etiladi.
Shuningdek, davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larni tibbiyot tashkilotlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, mablag‘lar kasalliklar yo‘nalishlari bo‘yicha oylik hajmlarda belgilanadi.
Litsenziya talablari buzilgan hollarda esa tibbiyot tashkilotining butun faoliyatini emas, balki faqat qoidabuzarlik aniqlangan ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha litsenziyani vaqtincha to‘xtatish tartibi joriy etiladi.
Tug‘uruq xizmatlari sohasida esa bakteriologik laboratoriya xizmatlarini autsorsing asosida tashkil etishga ruxsat beriladi.
Farmonga ko‘ra, 2027-yil 1-maydan boshlab milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga transplantatsiya amaliyotlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi. Bunda inson a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish tartibiga rioya etish litsenziya talablaridan biri sifatida belgilanadi. Ushbu faoliyat “Xavfni tahlil qilish” tizimida yuqori xavfli toifaga kiritiladi.
Shuningdek, transplantatsiya amaliyoti o‘tkazilgan bemorlar va donorlar haqidagi ma’lumotlar majburiy tartibda Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etib boriladi.
Vazirlik tomonidan transplantatsiya uchun zarur bo‘lgan laboratoriya tekshiruvlari, jumladan molekulyar-genetik tahlillar bo‘yicha talablar belgilanadi va majburiy tahlillar ro‘yxati tasdiqlanadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda har yili davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda bemorlarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash masalasi ham inobatga olinadi.
Bundan tashqari, transplantatsiyadan keyin bemorlarni reabilitatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi. Unda nodavlat klinikalarning reabilitatsiya davridagi javobgarligi, shuningdek, bemor hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lash masalalari ham belgilanadi.
Source: www.gazeta.uz