Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonini 2026-yilga qadar yakunlash niyatida. 6-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev JSTga “to‘laqonli a’zolikni rasmiylashtirish bo‘yicha kompleks ishlarni sifatli amalga oshirish” yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq a’zolik jarayonini 2026-yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan tashkilotning 14-Vazirlar konferensiyasiga qadar yakunlash rejalashtirilgan edi, biroq bu muddatga erishilmadi. Prezidentning JST masalalari bo‘yicha vakili, bosh muzokarachi Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, ayrim davlatlar hujjatlarni ko‘rib chiqishni kechiktirmoqda. O‘tgan yil oxirida u jarayonda “beixtiyor sekinlashish” xavfi borligini qayd etgandi.

2025-yilda ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar doirasida “muhim natijalarga” erishildi. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ularda mamlakat JST a’zolarining 200 dan ortiq savoliga javob berdi va tashqi savdoga oid 30 dan ortiq hujjatni taqdim etdi.

Ikki tomonlama muzokaralarning 40 dan ortiq raundi o‘tkazildi. Muzokaralar jarayoni yakunlangan davlatlar soni 33 taga yetdi (yil boshida faqat Tayvan bilan muzokaralar qolgani xabar qilingandi). O‘tgan yili 11 ta davlat bilan muzokaralar yakuniga yetkazilgan.

Yil davomida O‘zbekistonning 68 ta normativ-huquqiy hujjati JST talablari va xalqaro normalarga muvofiqlashtirildi. Xususan, intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirildi va bu sohadagi qonunbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Eksport cheklovlari bekor qilindi, shaffof mexanizmga ega eksport bojlari joriy etildi va mahsulotning ayrim turlariga minimal eksport narxlarini belgilash amaliyotiga chek qo‘yildi.

Savdodagi texnik to‘siqlarni qisqartirish, shuningdek, sanitariya va fitosanitariya choralari sohasida islohotlar o‘tkazildi. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish o‘rniga sertifikatlash tizimi joriy etildi. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi ustidan nazorat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga o‘tkazildi.

Oziq-ovqat mahsulotlariga oid 14 ta texnik reglament, shuningdek, 747 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha majburiy sertifikatlash talabi bekor qilindi. Bunday pozitsiyalar ro‘yxati 27 foizga qisqartirildi.

Kelgusi rejalar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va savdoni himoya qilish choralari to‘g‘risidagi yangi qonunlarni qabul qilishni, shuningdek, sanitariya, veterinariya va karantin sohalarida xavflarni tahlil qilish, kuzatish va ilmiy asoslanganlik tartib-taomillarini joriy etishni o‘z ichiga oladi.

Source: www.gazeta.uz