Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Raqamli texnologiyalar bosh boshqarmasi, Sun’iy intellekt texnologiyalari departamenti va Kiberxavfsizlik laboratoriyasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda 7-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi taqdimotda ma’lum qilindi.

Mudofaa sohasida yagona raqamli siyosatni yuritish maqsadida mudofaa vazirining raqamlashtirish, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Harbiy okruglarda esa qo‘mondonlarning raqamlashtirish, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Taqdimotda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini yanada rivojlantirish, robotlashgan va avtonom majmualardan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar taklif etildi.

Tadbirda qayd etilishicha, qo‘shinlarda dronlarni jangovar qo‘llash va ularga qarshi kurashuvchi yangi bo‘linmalar tashkil etilib, uchuvchisiz uchadigan apparatlar operatorlari, muhandislar va robototexnika mutaxassislarini tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Zamonaviy xavf va tahdidlardan kelib chiqib, Mudofaa vazirligida kibertahdidlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan Axborot xavfsizligi monitoring markazi tashkil etildi.

2025-yilda barcha oliy harbiy ta’lim muassasalariga institut maqomi berilib, yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratildi, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.

Harbiy kadrlar tayyorlashning yangi modeli bo‘yicha bakalavr darajasida harbiy kadrlar tayyorlashning mutlaqo yangi modeli doirasida kursantlarga xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt chuqur o‘rgatiladi. Qo‘mondonlik-shtab ofitserlari uchun ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy qurolli to‘qnashuvlarni o‘rganish asosida ilk bor uch bosqichli yangi o‘qitish tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, serjantlar tarkibini tayyorlash ko‘lami ham kengaytiriladi. Asosiy yangiliklardan biri — oliy harbiy ta’lim muassasalarida serjantlar uchun bakalavriatning oltita fuqarolik mutaxassisligi bo‘yicha masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, aviatsiya va uchuvchisiz uchadigan apparatlar mutaxassislarini tayyorlash tizimi yanada takomillashtirilib, mazkur yo‘nalishda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarini o‘qitish va ularga yagona sertifikat berish tartibi joriy etiladi.

Source: www.gazeta.uz