Ozarbayjon xalqaro banki (ABB) 2026-yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning xususiy “Davr Bank”i aksiyalarining 51 foizini sotib olish bitimini yakunlab, O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda ABB boshqaruvi raisi Abbas Ibrahimov Bokuda bankning barqaror rivojlanishiga oid hisobotiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi xususiy banklardan birining nazorat paketi bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangan. “Biz nazorat paketini sotib olmoqchi bo‘lgan bank O‘zbekistondagi xususiy banklardan biri bo‘lib, „Davr Bank“ deb nomlanadi. Agar ruxsatnomalar olish va rasmiylashtirish jarayonlarini tezda yakunlay olsak, mamlakatimizning xalqaro bank brendi bo‘lgan ABB joriy yilning ikkinchi yarmidanoq O‘zbekiston bozorida „ABB Davr Bank“ nomi bilan faoliyat boshlashiga umid qilamiz”, — dedi Abbas Ibrahimov.
U ABB “Davr Bank” aksiyalarining 51 foiziga egalik qilishiga aniqlik kiritdi. Report ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bankining aktivlari qariyb 1 milliard dollarga baholanmoqda. “Davr Bank” O‘zbekistonda 1,4 million mijoz va 43 ta filialga ega. ABB’ning bankni sotib olish bilan bog‘liq investitsiyalari 100 million dollardan oshadi.
“Davr Bank” O‘zbekistonda 2001-yil sentabr oyidan buyon faoliyat yuritib keladi. 1-aprel holatiga ko‘ra, bank aktivlari 2025-yil apreliga nisbatan 21,4 foizga o‘sib, 12,6 trillion so‘mni tashkil etgan. Majburiyatlar 10,4 trillion so‘mga (+17,4%), kredit portfeli 9,2 trillion so‘mga (+23,2%), depozitlar esa 4,6 trillion so‘mga (+20%) yetgan.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, “Davr Bank”ning sof foydasi 631,5 milliard so‘mni tashkil etib, bu avvalgi yilga nisbatan 62 foizga ko‘pdir.
Abbas Ibrahimov, shuningdek, tashqi audit xulosasiga ko‘ra, Ozarbayjon Xalqaro banki 2025-yilni 404,5 million manat (taxminan 238 million dollar) sof foyda bilan yakunlaganini ma’lum qildi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 12,4 foizga ko‘p. ABB’ning kredit portfeli yil davomida 12 foizga o‘sib, 7 milliard manatdan (4,1 milliard dollar) oshgan, faol mijozlar soni esa 15 foizga ko‘paygan.
Source: www.gazeta.uz