Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

30-aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudi maktab o‘qituvchisi D.I.ga nisbatan ma’muriy ishni ko‘rib chiqdi. O‘qituvchi 1999-yilda tug‘ilgan bo‘lib, u 2026-yil 1-aprel kuni soat 22:33 da Telegram orqali voyaga yetmagan o‘quvchi qizga shahvoniy mazmundagi xabarlar yuborgan.

Sud majlisida D.I. qiz bilan avvaldan tanish ekanligini va u bilan yozishib turganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1-aprel kuni Telegram orqali muloqot vaqtida qizga shahvoniy xarakterdagi xabar yozgan. O‘qituvchi bu xabarlarni qiz uni tinch qo‘yishi uchun yozganini, qilgan ishini xato deb hisoblaganini va aybiga iqror ekanini bildirdi.

Voyaga yetmagan jabrlanuvchi onasi ishtirokida bergan ko‘rsatmasida D.I. maktabda o‘qituvchi ekanini tasdiqladi. U ular SMS orqali yozishib turganini va 1-aprel kuni o‘qituvchi unga Telegram orqali shahvoniy xabarlar yuborganini aytdi. Jabrlanuvchi o‘qituvchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘radi.

Sud qarori bilan D.I. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida (Shahvoniy shilqimliq qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi va 309 ming so‘m ma’muriy qamoq xarajatlari undirilishi belgilandi.

Source: www.gazeta.uz