Jizzax va Surxondaryo viloyati hokimlariga yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yangi o‘rinbosarlar tayinlandi.
Jizzax viloyati hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib, Dilmurod Xudayshukurov Xolmurodovich viloyat hokimining tegishli yo‘nalish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Dilmurod Xudayshukurov ushbu tayinlovga qadar Jizzax viloyati hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari lavozimida ishlab kelgan.
Shuningdek, Oybek Ashurov Qurbonovich Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Oybek Ashurov 1988-yilda Sherobod tumanida tug‘ilgan. U 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos hisoblanadi.
Mehnat faoliyati davomida Sherobod va Sho‘rchi tumanlari hokimliklarida turli lavozimlarda, jumladan hokim o‘rinbosari sifatida ishlagan. Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimligi ijro nazorati bo‘limi boshlig‘i lavozimida ham faoliyat yuritgan.
Mazkur tayinlovga qadar u Surxondaryo viloyati hokimligi ijro apparati rahbari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Ma’lumot uchun, Surxondaryo viloyati hokimining avvalgi o‘rinbosari Ilhom Saparov Jarqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlangan.
Source: www.gazeta.uz