14-may kuni soat 08:20 atrofida Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 69-yo‘nalishdagi Yutong avtobusi va Tracker yengil avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi.
Hodisa Shota Rustaveli va Yakkasaroy ko‘chalari kesishgan chorrahasida, avtobus BRT (avtobuslar uchun ajratilgan yo‘l) bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Tracker haydovchisi harakat yo‘nalishini keskin chapga o‘zgartirib, avtobus bilan to‘qnashgan.
Oqibatda 35 yoshli avtomobil haydovchisi A.T., 32 yoshli yo‘lovchisi K.I. va avtobusdagi 35 yoshli fuqaro T.M. tan jarohati olgan. Ular Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga (16-shahar shifoxonasi) murojaat qilgan.
YHXB xodimlari tomonidan voqea joyida o‘tkazilgan dastlabki tekshiruvda, aybdor sifatida Tracker haydovchisi aniqlangan. Mazkur yo‘l-transport hodisasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz