Senat 18-may kuni bo‘lib o‘tgan majlisda tovarlarni majburiy raqamli markirovka qilish qoidalariga rioya etilishini masofaviy soliq tekshiruvidan o‘tkazishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Hujjat prezident ko‘rib chiqishi uchun yuborildi.
Bunday auditni boshlashdan oldin, soliq organlari majburiy raqamli yorliqlash qoidalarini buzgan har qanday soliq to’lovchining shaxsiy hisobiga ikkita rasmiy ogohlantirish yuborishlari shart bo’ladi.
Tekshiruv soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Buyruqda soliq to‘lovchining nomi va identifikatsion raqami, tekshiruvchilar haqida ma’lumotlar, muddat hamda tekshiruv maqsadi ko‘rsatiladi.
Masofaviy soliq tekshiruvi 5 kundan oshmasligi belgilangan. Uning yakunlangan kuni deb tekshiruv dalolatnomasi soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuborilgan sana hisoblanadi.
Soliq organi tekshiruv materiallari ko‘rib chiqiladigan sana, vaqt va joyi haqida soliq to‘lovchini kamida 2 ish kuni oldin xabardor qilishi shart.
Masofaviy tekshiruv yakunlari bo‘yicha qaror soliq to‘lovchiga shaxsiy kabinet orqali yuborilganidan bir oy o‘tib kuchga kiradi. Bunday tekshiruvlarni o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qonunga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan majburiy raqamli markirovka qoidalari buzilgani uchun jarimalar joriy etiladi. Agar qoidabuzarlik soliq organlarining masofaviy tekshiruvi orqali aniqlansa, jarima miqdori quyidagicha bo‘ladi:
Hozirgi tartibga ko‘ra, markirovka qoidalarini buzganlik uchun oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi miqdorida jarima qo‘llaniladi, takroriy qoidabuzarlikda esa bu miqdor 20 foizgacha oshadi.
Qayd etilishicha, qonun noqonuniy mahsulot ishlab chiqarish va aylanmasining oldini olish hamda aholiga sifatli iste’mol tovarlarini yetkazishga qaratilgan.
Suv va ichimliklar ishlab chiqaruvchilari yangi agregatlash talablari (keyinchalik bir yilga kechiktirilgan) logistika, distribyutorlik jarayonlari va xarajatlar oshishi orqali ish faoliyatini qiyinlashtirganini bildirgan. Shuningdek, hatto noqasddan yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun ham 20 foizgacha jarima belgilanishi bozor ishtirokchilarining jiddiy xavotiriga sabab bo‘lgan.
Soliq qo‘mitasi departamenti direktori Aziz Umirzakov may oyi boshida Prezident tomonidan mazkur jarimalarni kamaytirish tashabbusi ilgari surilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, markirovkalangan mahsulot ishlab chiqaruvchilar, ulgurji savdo va import qiluvchilar uchun sanksiyalar pasaytiriladi, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari uchun esa jarimalar daromaddan emas, balki qat’iy belgilangan miqdorda joriy etiladi.
2025-yilda markirovkalangan tovarlar aylanmasi 199 trln so‘mga yetgan bo‘lib, 2024-yilga nisbatan 33 trln so‘mga yoki 20 foizga oshgan.
Source: www.gazeta.uz