Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

“O‘zbekneftgaz” AJ Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida tabiiy gaz qazib olish hajmi, konlardagi muammolar hamda ishlab chiqarishni ko‘paytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Yig‘ilish kompaniya boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tdi.

Uchrashuvda konlarda gaz qazib chiqarishdagi “tabiiy tushish” bilan bog‘liq holatlar ko‘rib chiqildi. Qatlam va quduq og‘zidagi bosimning pasayishi bunga asosiy sabablar o‘laroq ko‘rsatildi. Shu bilan birga, kompaniya rahbariyati yil boshidan buyon qayd etilgan 10 dan ortiq avariyaviy to‘xtalish holatlarini keskin tanqid qilib, mas’ullarga bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan choralar ko‘rish topshirig‘ini berdi.

Ta’kidlanishicha, geologiya-texnik tadbirlarni kengaytirish, qazib olish hajmini tiklash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqiladi. Shuningdek, mas’ullarga qisqa muddatlarda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va avariyaviy to‘xtalish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda yanvarda qabul qilingan alohida qaror — 21 ta konni tashqi operatorga bermasdan, ishlarni “O‘zbekneftgaz”ning o‘z kuchi va imkoniyatlari hisobidan olib borish masalasi muhokama qilindi. Ushbu yondashuv doirasida 9 ta obyektda burg‘ilash ishlari rejalashtirilgan edi. Hozirgi vaqtga qadar ularning 5 tasida ishlar yakunlanib, obyektlar foydalanishga topshirildi.

Kompaniya boshqaruvi raisi sohada “o‘zibo‘larchilik kayfiyati”dan voz kechish hamda faoliyatni yangi texnologik yechimlar, zamonaviy yondashuvlar va tashabbuskorlik asosida tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, yig‘ilishda 2026-yilga mo‘ljallangan ishlab chiqarish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Rejaga ko‘ra, 9 ta yangi quduqni burg‘ilash va 27 ta quduqni ta’mirlash hisobiga kuniga qo‘shimcha 1,4 million kubometr tabiiy gaz qazib olishni ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-may oylarida 5 ta yangi quduq foydalanishga topshirildi, yana 15 ta quduqda ta’mirlash ishlari olib borildi. Bu esa kuniga qo‘shimcha 908 ming kubometr gaz qazib olish imkonini berdi.

Bundan tashqari, boshqarma tasarrufidagi 461 ta quduqning holati tahlil qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, ularning 45 foizi ta’mirlash yoki tiklash ishlariga muhtoj. Mas’ullarga yil yakuniga qadar yana 10 ta quduqda ta’mirlash ishlarini olib borish va buning hisobiga kunlik qazib olish hajmini yana 250 ming kubometrga oshirish topshirildi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra, “Doyaxotin” koni (2004-yilda foydalanishga topshirilgan) boshlig‘i gaz qazib olish hajmining tabiiy ravishda kamayishiga qarshi yetarli choralar ko‘rmagani uchun lavozimidan ozod etildi. Boshqarma direktori va bosh geologga esa hayfsan e’lon qilindi.

Yig‘ilishda, shuningdek, kompressor stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlash, elektr ta’minoti infratuzilmasini rivojlantirish hamda quduq og‘zidagi kompressor stansiyalari uchun elektr uzatish tarmoqlari qurilishini tezlashtirish masalalari ham ko‘tarildi.

2021-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi “O‘zbekneftgaz”ning asosiy qazib oluvchi va qayta ishlovchi tuzilmalaridan biri bo‘lib, kompaniyaning tabiiy gazni tayyorlash bo‘yicha quvvatlarining qariyb 10 foizini ta’minlagan (yillik loyihaviy ko‘rsatkichi — 7,69 milliard kubometr).

Boshqarmaning ishlab chiqarish majmuasi, shuningdek, yiliga 5,1 milliard kubometr gazni komprimirlash (siqish) va 4,5 milliard kubometr xomashyoni oltingugurtdan tozalashga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz”ning suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy quvvatlarining qariyb 11,8 foizi (yiliga 80 ming tonna) aynan Gazli boshqarmasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2024-yilda kompaniyaning gaz qazib olish hajmidagi ushbu boshqarma hissasi 14,3 foizgacha oshdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha birinchi o‘rinni Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi (43,4%), ikkinchi o‘rinni Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi (27,8%), uchinchi o‘rinni esa Ustyurt neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi (14,4%) egallagan.

Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” rahbariyati konlarda faoliyat yuritayotgan Kanadaning Condor Energies kompaniyasini “zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarmayotgani” uchun keskin tanqid qildi. Ushbu ishlarning ijrosini qat’iy nazoratga olish topshirildi.

Kanadaning Condor Energies kompaniyasi (2013-yilda ro‘yxatdan o‘tgan, avvalgi nomi Condor Petroleum) 2024-yil 31-yanvarda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi gaz quduqlari bo‘yicha O‘zbekiston hukumati bilan gaz qazib olish sohasida yangi shartnoma imzolaganini ma’lum qilgan edi.

Ushbu xorijiy kompaniya “O‘zbekneftgaz”ning qiymati 480 million dollarlik xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga olgan holda xizmat ko‘rsatish loyihasidagi hamkori sifatida ko‘rsatilgan.

Kompaniya hududdagi sakkizta gaz-kondensat konida qazib olish hajmini oshirish bilan shug‘ullanishi kerak edi. Xabarda qayd etilishicha, ushbu konlarda qazib olish hajmining yillik kamayishi va mahsuldorlik koeffitsentining pastligi kuzatilgan, biroq kamayishning aniq ko‘rsatkichlari keltirilmagan.

Kompaniya ko‘rsatilgan xizmatlar uchun sof foydadan ma’lum bir foiz olishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, ushbu foiz miqdori ham, sof foyda deganda aynan nima nazarda tutilishi ham oshkor etilmagan.

2020-yil oktabr oyida Condor Energies 2021−2024-yillarda Buxoro viloyatidagi gaz konlarini ekspluatatsiya qilish uchun 1 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini xabar qilgan edi.

“O‘zbekneftgaz” ma’lumotlariga ko‘ra, Gazli hududidagi konlarda qazib olish hajmini oshirish va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga olgan holda xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosidagi loyiha doirasida 2023−2043-yillarda 582 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni jalb etish ko‘zda tutilgan edi. Buning hisobiga qo‘shimcha 11,3 milliard kubometr tabiiy gaz qazib olishni ta’minlash rejalashtirilgan.

2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda 9,6 milliard kubometr tabiiy gaz qazib olindi, bu 2025-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan (11,3 milliard) 15 foizga kam. Bu Gazeta o‘rganib chiqqan Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan kelib chiqadi.

Mart oyida qazib olish hajmi 2,7 milliard kubometrni tashkil etdi. 2025-yilning martiga nisbatan ko‘rsatkich 1,2 milliard kubometrga yoki 30,8 foizga kamaygan. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Gazeta`ga bergan intervyusida pasayish kutilgan holat ekanini, hozirgi asosiy vazifa esa qazib olishni barqarorlashtirish va hajmlarni saqlab qolishdan iboratligini ma’lum qildi.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 25,2 milliard kubometr gaz ishlab chiqardi, bu esa prognoz qilinganidan pastroq. 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan rejalarda qazib olishning barqaror hajmini ta’minlash, shuningdek, gaz zaxiralarini ko‘paytirish va uni qayta ishlash ko‘zda tutilgan.

Source: www.gazeta.uz