Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

21-may kuni Afg‘onistonda Xayraton — Mazori Sharif temir yo‘l yo‘nalishida 5-raqamli portning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur temir yo‘l portida qurilish va qayta tiklash ishlari yakunlangan bo‘lib, u to‘liq foydalanishga topshirilgan. Temir yo‘l porti (quruq port) temir yo‘l orqali kelgan yuklarni qabul qilish, tushirish, vaqtinchalik saqlash va taqsimlash amalga oshiriladigan terminal hisoblanadi.

Tadbirda O‘zbekiston va Afg‘oniston rasmiy vakillari ishtirok etdi. Tomonlar temir yo‘l aloqalarini rivojlantirish hamda yangi logistik obyektlarni ishga tushirish mintaqaning transport-kommunikatsiya tizimini mustahkamlashini ta’kidladi.

Marosim doirasida obyektga birinchi yuk poyezdi qabul qilinib, yuklarni tushirish ishlari boshlandi. Bu terminalning to‘liq ishga tushirilganini anglatadi.

Tashrif doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbari Zufar Narzullayev Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari mullo Abdul G‘ani Baradar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda Xayraton — Mazori Sharif temir yo‘l yo‘nalishining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish hamda infratuzilmani kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Naibobod stansiyasida 1650 metrlik qo‘shimcha temir yo‘l shoxobchasi qurish loyihasi ham muhokama qilindi. Ushbu loyiha yuk vagonlarini qayta ishlash hajmini oshirish, ularning bekor turib qolish vaqtini qisqartirish hamda uzel ish samaradorligini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Afg‘oniston bosh vazirining o‘rinbosari tomonidan tegishli idoralarga O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikda texnik va qurilish ishlarini tezkor amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berildi. Afg‘oniston tomoni esa yuklarni qayta ishlash hajmini oshirish hamda poyezd tarkiblarini uzluksiz qabul qilishni ta’minlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning shu’ba korxonasi — Sogdiana Trans kompaniyasi Xayraton — Mazori-Sharif temir yo‘l yo‘nalishining ekspluatatsiyasi va xizmat ko‘rsatish operatori hisoblanadi. Ushbu kompaniya mazkur yo‘nalishda yuk tashuvlarini tashkil etish va kuzatib borish uchun tashkil etilgan.

Source: www.gazeta.uz