Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni mahallalar faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Davlat rahbari Mahalla milliy institutini tashkil etishni taklif qildi.

Institut faoliyati katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan o‘zaro bog‘liq holda tashkil etiladi. Yangi institut mahalla tizimidagi islohotlarni ilmiy tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va tarqatish, shuningdek, mahalla “yettilig”lari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Ushbu tizim orqali har yili mahalla tizimining 21 ming xodimi va “yettilik” a’zolari malaka oshiradi. Yil oxirigacha 1 million kishini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani qashshoqlikdan olib chiqish, qashshoqlikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobarga oshirib, 3,5 mingga yetkazish, shuningdek, ishsizlik va qashshoqlik darajasini 4,5 foizga tushirish rejalashtirilgan.

Respublika Mahalla jamg‘armasiga mahallalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, ular uchun 300 milliard so‘mlik qo‘shimcha doimiy daromad manbalari yaratiladi. Xususan, mahalla hududidagi sanitariya me’yorlari buzilishi va noqonuniy qurilish uchun jarimalarning bir qismi mahalla byudjetiga yo‘naltiriladi.

Mahallalar ixtiyorida qoldiriladigan yer va mulk solig‘i tushumlari ulushi 10 foizdan 15 foizga oshiriladi. Shuningdek, bo‘sh turgan binolarni ijaraga berish va ayrim binolarni sotishdan olingan mablag‘lar mahallalarda qoladi. Bu mablag‘lar, birinchi navbatda, ichki yo‘llarni ta’mirlash, piyodalar yo‘laklarini obodonlashtirish, bolalar va sport maydonchalari qurish, mahalla bog‘larini barpo etish, muhtoj oilalarni ish bilan ta’minlash dasturlariga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, jinoyat yo‘liga o‘tgan 245 ming fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish va to‘liq ijtimoiy hayotga qaytarish bo‘yicha alohida ish tashkil etiladi.

Source: uznews.uz