Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Raqobat qo‘mitasi so‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqatilayotgan dori vositalari reklamalarida iste’molchilarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan iboralardan foydalanish holatlari kuzatilayotgani haqida ogohlantirdi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, reklamalarda “noyob”, “eng samarali”, “eng xavfsiz”, “kafolatlangan natija”, “eng ishonchli vosita”, “tez davolaydi”, “nojo‘ya ta’sirlari mavjud emas” va “samarasi isbotlangan” kabi iboralardan foydalanilmoqda.

Bunday ma’lumotlar iste’molchilarda dori vositasining xususiyatlari haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllantirishi, shifokor maslahatisiz o‘zboshimchalik bilan davolanishga undashi va sog‘liq uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasiga muvofiq, dori vositalari reklamasida shifokor maslahatisiz mustaqil davolanish mumkinligi haqida taassurot uyg‘otish, olimlar, tibbiyot xodimlari yoki mashhur shaxslarning tavsiyalaridan foydalanish, alohida shaxslarning minnatdorlik izhorlari va muvaffaqiyatli davolanish holatlarini keltirish taqiqlanadi.

Shuningdek, dori vositasini eng samarali, eng xavfsiz yoki noyob vosita sifatida taqdim etish, uning ta’siri kafolatlangani haqida tasdiq berish hamda boshqa dori vositalari bilan noto‘g‘ri taqqoslashlarga yo‘l qo‘yish mumkin emas.

Qo‘mita retseptsiz beriladigan dori vositalari reklamasi qo‘llash bo‘yicha qarshi ko‘rsatmalar mavjudligi va mutaxassis maslahatini olish zarurligi haqidagi ogohlantirish bilan birga tarqatilishi shartligini eslatdi.

Raqobat qo‘mitasi reklama beruvchilar va reklama tarqatuvchilarni qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga, fuqarolarni esa dori vositalarini tanlash va qabul qilishda faqat reklamaga emas, balki shifokor tavsiyasiga tayanishga chaqirdi.

Avvalroq qo‘mita Rinoksil Formula+ dori reklamasida Amir Temur, Alisher Navoiy va boshqa tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalangan Nika Pharm kompaniyasini jarimaga tortgan edi. Nazorat organi buni ajdodlar xotirasiga hurmatsizlik, axloq va ma’naviyatga zid deb baholagan.

Source: www.gazeta.uz