Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda 93-avtobus yo'nalishida sodir bo'lgan jinsiy tajovuz hodisasi bo'yicha sud hukmi chiqdi. 50 yoshli T.S. ismli erkak yo'lovchi ayolga nisbatan odobsizlik qilgani uchun javobgarlikka tortildi.

Kun.uz o'rgangan sud hujjatlariga ko'ra, voqea 23-iyun kuni ertalab yuz bergan. T.S. avtobusga kirib, ayolning yoniga o'tirgan va avval uning qo'lini ushlagan, so'ngra jinsiy a'zosini ko'rsatgan. Qo'rqib ketgan ayol yordam so'rab baqirgan va haydovchiga murojaat qilgan. Erkak qochishga uringan, ammo haydovchi eshiklarni yopib qo'ygan.

Sudda T.S. aybiga iqror bo'lib, mast holatda bo'lganini va harakatlarini eslamasligini aytgan. Jabrlanuvchi ayol suddan chora ko'rishni so'ragan.

Sud T.S.ni Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 41-1 (Jinsiy zo'ravonlik), 183 (Mayda bezorilik) va 194 (Ichki ishlar organlari xodimiga bo'ysunmaslik) moddalari bo'yicha aybdor deb topib, 15 sutka ma'muriy qamoq jazosini tayinlagan.

Eslatib o'tamiz, avvalroq Toshkentda shifokor stajyor talaba qizlarni tazyiq qilgani uchun 5 sutkaga hibsga olingan edi.

Source: kun.uz