Toshkentdagi Amir Temur xiyoboniga kirish yo‘llari piyodalar uchun ochildi. Endilikda bu joyga Sayilgoh (“Brodvey”), Mustaqillik, Istiqlol va Amir Temur ko‘chalaridan svetoforli piyodalar o‘tish yo‘llari orqali kirib borish mumkin. Panjaralar olib tashlangan va o‘rtada keng piyodalar o‘tish yo‘li tashkil qilingan.
Loyiha doirasida yerosti o‘tish yo‘llari o‘rniga svetoforli yerusti o‘tish yo‘llari tashkil etildi. Piyodalar uchun 76 soniya kutish vaqti belgilangan bo‘lsa, haydovchilar piyodalarning o‘tishini 25 soniya kutadi. Bu o‘zgarishlar aholi tomonidan turlicha baholanmoqda.
Hilola Komilova ismli o‘qituvchi: “Yoshingiz o‘tgan sari yerostidan tushib-chiqish qiyin bo‘lar ekan. Hozir menga tartibga solingan piyodalar o‘tish yo‘li ma’qul ko‘rindi”, dedi. Artyom ismli yigit esa skeytbordda uchishi sababli yerusti o‘tish qulayroq ekanini, ammo 76 soniya kutish vaqti ko‘plik qilishini ta’kidladi.
65 yoshli G‘ayrat Adashev yerosti o‘tish yo‘llaridan tushib-chiqishga qiynalayotganini aytib, “bunaqa svetoforli ‘peshoxod’larni boshqa joylarga ham tezroq o‘rnatish kerak” dedi. Uning fikricha, avval bu yerda mashinalar serqatnov bo‘lgan, hozir esa to‘xtab o‘tkazib yuboryapti.
Amir Temur ko‘chasi, Temuriylar muzeyi va xiyobonni birlashtirish uchun yo‘l o‘rtasida xavfsizlik orolchasi qurilgan. Unga uchala tomondan svetofor nazoratidagi “zebra”lar kelib qo‘shiladi. Ilgari bu yerda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘llari mavjud edi.
Haydovchilar o‘zgarishlarni turlicha baholamoqda. 20 yillik tajribaga ega Asqar Aynaqulov: “Avvalgidan ko‘proq tirbandlik bo‘ladi. Agar yerosti yo‘lagi bo‘lsa, svetoforlar nega kerak?” degan fikrni bildirdi. Biroq 30 yillik haydovchi Dilmurod Jalilov: “Odamlar bemalol kechki payt salqinlab, bola-chaqasini olib keladi. Menga og‘irlik joyi yo‘q, manzilimga besh minut kech ham yetib boraveraman”, dedi.
Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor yo‘lovchilar uchun taktil yo‘lakcha ham tashkil qilingan. Toshkent shahar hokimligi keyingi rejalar haqida hozircha ma’lumot bermagan.
Source: www.gazeta.uz