O‘zbekistonning eng yirik neft-gaz kompaniyasi — “O‘zbekneftgaz” joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra debitor qarzdorlikni 1,2 trln so‘mga, xarajatlarini esa rejaga nisbatan 1 trln so‘mga qisqartirdi. Bu haqda davlat kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.
Yilning birinchi yarmi yakunlari hamda yilning qolgan qismi uchun belgilangan vazifalar kompaniya boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, qarz yelkasi 2025-yil yakunidagi 3,1 barobardan 2,7 barobargacha pasaytirilgan. Shuningdek, avvalgi yillarda jalb qilingan yuqori foizli kreditlarni qulay shartlarda qayta moliyalashtirish va muddatidan oldin so‘ndirish natijasida foiz to‘lovlarda 219 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilingan.
“O‘zbekneftgaz” ma’lum qilishicha, debitor va kreditor qarzdorliklar bilan ishlash tizimi tubdan isloh qilinib, har bir kontragent kesimida qat’iy nazorat o‘rnatilgan.
Neft bazalar faoliyatida erishilgan natijalar ham alohida qayd etildi. Xususan, jamiyat tasarrufidagi 14 ta neft baza 2025-yilning birinchi yarim yilligini 36,5 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan. Joriy yilning shu davrida 250 ming tonna avtobenzin va 114 ming tonna dizel yonilg‘isi realizatsiya qilinib, faoliyat 5,4 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlandi.
Boshqaruv raisi tomonidan mahsulotlar hisobini to‘liq shaffof yuritish, moliyaviy intizomni kuchaytirish, sifat nazoratini yanada qat’iylashtirish hamda talon-torojlikning oldini olish uchun neft bazalarda faoliyat yuritayotgan operatorlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning ish haqini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda dizel yonilg‘isi va mazut ishlab chiqarish hajmlari bajarilmagani tanqid qilindi. Kompaniya buni dunyodagi geosiyosiy vaziyat tufayli xomashyo importi cheklanganligi bilan bog‘ladi. Mas’ullarga holat yuzasidan har tomonlama tahlil o‘tkazish, sabablarini chuqur o‘rganish hamda yil yakuni bilan erishilmagan ko‘rsatkichlarni bajarish vazifasi qo‘yildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasi yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. So‘nggi yillarda kuzatilayotgan noodatiy ob-havo sharoiti va kuchli shamollar inobatga olingan holda ishlab chiqarish obyektlarining qish mavsumida ham uzluksiz ishlashini ta’minlash, yonilg‘i-moylash materiallari hamda avtobenzin zaxiralarini oldindan shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni jadallashtirish vazifasi belgilandi.
“O‘zbekneftgaz” elektr energiyasini tejash, muqobil energiya manbalaridan kengroq foydalanish va o‘z energiya manbalarini rivojlantirish hisobiga elektr energiyasiga xarajatlarni qisqartirmoqchi.
Gaz qazib chiqarish sohasida esa tugatilgan quduqlar fondini qayta tahlil qilish, texnik imkoniyati mavjud quduqlarni qayta ishga tushirish, geologik-texnik tadbirlarni tezlashtirish hamda yil yakuniga qadar har bir quduqning ishlash ko‘rsatkichini soatbay monitoring qilish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Gaz qazib chiqarish va qayta ishlash ko‘rsatkichlari pasayishiga yo‘l qo‘ygan barcha rahbarlardan holat bo‘yicha izoh, bartaraf etish choralarini o‘zida aks ettirgan tushuntirish xatlari olinishi belgilandi.
Shuningdek, Xitoy hamkorlari ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish, belgilangan muddatlarga qat’iy amal qilish hamda har bir bosqich bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, ishchilar uchun munosib sharoitlarni yaratish, jumladan yil yakuniga qadar yana 26 ta yotoqxona hamda 17 ta vagon uyini to‘liq ta’mirlab, foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Rossiya ichki bozordagi yonilg‘i taqchilligi sababli dizel eksportini vaqtinchalik taqiqlagan edi. Cheklov hukumatlararo bitimlar doirasidagi yetkazib berishlarga daxl qilmaydi.
Rossiyadagi yonilg‘i inqirozi ortidan O‘zbekistonga dizel yonilg‘isi importi qisqardi. Olti oy ichida 283 ming tonna dizel yonilg‘isi import qilindi, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 18,7 foizga kam. Iyun oyida dizel yonilg‘isining fizik importi 2800 tonnagacha kamaydi — bu o‘tgan yilning iyun oyiga (51,8 ming tonna) qaraganda 18,7 baravar kamdir. Taqqoslash uchun: may oyida 42,7 ming tonna, aprelda esa 39,5 ming tonna import qilingan.
Yanvar-may oylarida 476,4 ming tonna dizel yonilg‘isi ishlab chiqarilgan — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,9 foizga ko‘p. May oyida ishlab chiqarish hajmi 95,4 ming tonnani tashkil etib, yillik hisobda 17,8 foizga kamaydi.
Source: www.gazeta.uz