Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jizzax viloyati IIB matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tezkor xodimlar Toshkentda 2021 yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan 24 yoshli Tojikiston fuqarosining ikkita mobil telefonini tekshirgan.

Tekshiruv davomida aniqlanishicha, qurilmalarda bitta elektron pochta manzili orqali ro‘yxatdan o‘tgan elektron hamyon ishlatilgan. Kriptovalyutani saqlash, qabul qilish va jo‘natish ilovasini o‘rganish chog‘ida ushbu hamyon orqali u jami 2,8 mlrd so‘m miqdoridagi kriptoaktivlarni noqonuniy ravishda ayirboshlagani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi 3-qismi “a” bandi (Kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish, o‘ta katta miqdorda sodir etilgan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu modda sanksiyasi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, kriptoaktivlarni sotib olish, sotish va ayirboshlash faqat litsenziyaga ega kripto-xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali amalga oshirilishi mumkin.

Source: uznews.uz