13-iyul kuni Bekobod shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallar aylanmasini nazorat qilish maqsadida 1-avgustdan E-lom elektron platformasini ishga tushirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
So‘nggi o‘n yilda mamlakatda po‘lat list, navli prokat, quvurlar va metall konstruksiyalarga ehtiyoj 3 karra ortib, 5,5 million tonnaga yetdi. Yangi qurilayotgan atom elektr stansiyasi, to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodining o‘ziga 2,5 million tonnaga yaqin po‘lat list va armatura kerak bo‘ladi.
Kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik yangi quvvatlar ishga tushiriladi, 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari amalga oshirilib, 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi. Natijada metall mahsulotlariga yillik ehtiyoj 2030-yilgacha 1,5 barobar ko‘payib, 8 million tonnadan ortadi.
Davlat rahbari mutasaddilarga ushbu ehtiyoj qaysi quvvatlar hisobidan ta’minlanishi yuzasidan aniq hisob-kitoblar bo‘lishi zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Yig‘ilishda qora metallurgiya qurilish, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika kabi jami 50 milliard dollarlik iqtisodiyot tarmoqlari uchun asosiy xomashyo manbalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, sohada importga qaramlik, tannarx va energiya sarfining yuqoriligi, raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy qilish bo‘yicha natijalar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident metallolom bozoriga alohida e’tibor qaratdi. Bugungi kunda Bekobod metallurgiya kombinati metall prokatning 40 foizini ikkilamchi metaldan, 60 foizini import hisobidan ishlab chiqarmoqda. Respublika bo‘yicha har yili 700 ming tonna qora metallolom kombinatga topshirilayotgan bo‘lsa-da, yana 500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolmoqda.
Shu bois, qora metall aylanmasi bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida monitoring qilinadi. Mutasaddilarga 1-avgustdan E-lom elektron platformasini ishga tushirib, qora metall aylanmasini nazoratga olish topshirildi.
Bundan tashqari, qora metallurgiya sanoatida sog‘lom raqobat muhiti va narx barqarorligini ta’minlash, sohada ta’sirchan nazorat mexanizmlarini o‘rnatish uchun hukumatda alohida loyiha ofisi tashkil etiladi. Ushbu ofis metall mahsulotlari bozorini kunlik tahlil qiladi, xomashyo va tayyor mahsulotga talab va taklifni shakllantiradi, mahsulot sifati, kelib chiqishi, fizik va kimyoviy tarkibi aks etadigan raqamli pasportni yuritadi.
Shavkat Mirziyoyev bir oyda loyiha ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni topshirdi.
Bugun, 13-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobodga tashrifi davomida “O‘zmetkombinat”ning quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu O‘zbekistonda issiq prokatlangan po‘lat listlar ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi loyiha hisoblanadi.
Source: www.gazeta.uz